Ajdodlarga ehtiromni sizlardan o‘rganish kerak
Vatanimiz mustaqilligining 23-yillik bayramini keng nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlar oqimi yanada ortmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 23-yillik bayramini keng nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlar oqimi yanada ortmoqda. Ular yurtimizdagi tinch-osuda hayot, turli millatlar o‘rtasidagi ahillik va hamjihatlik, xalqimizning bunyodkorlik, bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik fazilatlariga hayratu havasini hayajon bilan izhor qilmoqda. Quyida Buxoro shahriga kelgan xorijlik sayyohlarning fikrlari bilan tanishasiz.Daniyel Robinson (Fransiya):
– O‘zbekistonga birinchi kelishim. O‘qituvchiman – tarix fanidan yoshlarga saboq beraman. Shu bois qayerga bormay, o‘sha xalqning madaniyati, an’ana va urf-odatlarini, me’moriy obidalarini o‘rganishga harakat qilaman. O‘zbekistonga kelishni anchadan buyon orzu qilardim. Mana, Buxorodaman. Ishongim kelmayapti, go‘yo ertaklar ichra sayohatda yurgandekman. Endi o‘quvchilarimga Xorazm va Buxoro haqida kitobu internetdan olgan ma’lumotlarimga tayanib emas, o‘zim ko‘rganlarim asosida hayrat bilan, zavq bilan so‘zlab beraman.
Richard Meadovs (Angliya):
– Har safar O‘zbekistonga kelganimda qalbim quvonchga to‘ladi, ruhim ko‘tariladi. Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlar, bu yerdagi betakror tarixiy obidalar har qanday kishini hayratga soladi. Men tarixiy obidalar fotosi kolleksiyasi bilan qiziqaman. Shaxsiy kolleksiyamdan O‘zbekistonning deyarli barcha me’moriy obidalarining suratlari joy olgan. Londondagi fotoko‘rgazmalar uyida O‘zbekistonning buyuk tarixi haqidagi rasmlar namoyishini o‘tkazishni rejalashtirganman. O‘zbekistonda tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga ulkan e’tibor qaratilayotganini yaxshi bilaman. Bu har qancha tahsinga sazovor.
O‘zbekiston yoshlarining intellektual salohiyati nihoyatda yuqori. Binobarin, O‘zbekistonda buyuk ajdodlarga munosib vorislar ulg‘aymoqda. Qadimiy va buyuk tarixga ega xalqni shu yurtning o‘zida turib yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan qutlashdan baxtiyorman.
Peter Raxde (Germaniya):
– Yoshlaringizning vatanparvarlik tuyg‘usi meni hayratga soldi. Tarixiy obidalarni tomosha qilish jarayonida yosh tarjimon Buxoroning o‘tmishi va buguni haqida shunday to‘lqinlanib gapirdiki, havasim keldi. Aslida uning so‘zlarida hech qanday mubolag‘a yo‘q. O‘zbekiston va o‘zbek xalqi har qanday yuksak ta’rifga munosib. Ajdodlarga ehtirom ko‘rsatishni sizlardan o‘rganish kerak. O‘tmishi buyuk yurtning ertangi kuni bundan-da buyuk, xalqining turmushi farovon bo‘lishiga shubha yo‘q.