Aholining murojaatlari doimiy e’tiborda
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirokida aholini qiynab kelayotgan dolzarb va muammoli masalalarni qisqa muddatlarda hal etish maqsadida sayyor qabul o‘tkazildi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, aholining ertangi kunga ishonchini mustahkamlash, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda fuqarolar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri sanaladi.
Qabul davomida Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Toshtemirov tomonidan 40 nafarga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joy, qarzdorlik va aliment undirish, shuningdek, ijro ishi yurituviga oid boshqa masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi.

Sayyor qabulda har bir murojaat yuzasidan atroflicha o‘rganish ishlarini olib borish bo‘yicha mas’ul xodimlarga aniq topshiriqlar berildi. Qonunchilikda belgilangan tartibda hal etilishi lozim bo‘lgan murojaatlar alohida nazoratga olinib, ularning ijrosi ta’minlanishi belgilandi.
– Avtomashinam taqiq sababli jarima maydonida edi, – deydi Navoiy shahrida yashovchi fuqaro Samar Ismatov. – Sayyor qabulda ishtirok etib, avtomashinamni jarima maydonidan chiqarishga amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Rahbar tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi. Sabablari surishtirildi va xodimlarga amaliy yordam berish bo‘yicha topshiriq berildi. Murojaatim e’tiborsiz qoldirilmaganidan xursandman.
Majburiy ijro byurosi tomonidan joylarda sayyor qabullarni muntazam tashkil etish, fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida va joyida hal etishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri