Yuriskonsultlarning malakasi oshirildi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining harbiy qismlari yuriskonsultlari uchun mashg‘ulot o‘tkazildi.
Fuqarolik ishlar bo‘yicha sudya O. Shamsiyev tomonidan olib borilgan mashg‘ulot “Fuqarolik protsessual normalarini qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi mavzuga bag‘ishlandi.
Mashg‘ulot davomida yuriskonsultlarning fuqarolik protsessual qonunchiligiga oid bilimlari mustahkamlandi hamda huquqiy faoliyatda ushbu normalarni to‘g‘ri qo‘llash ko‘nikmalari rivojlantirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Ichki ishlari vazirligi harbiy qismlari yuriskonsultlari uchun navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar doirasida Institut direktorining birinchi o‘rinbosari R. Xursanov tinglovchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Unda yuriskonsultlar faoliyatida uchrayotgan dolzarb masalalar, huquqni qo‘llash amaliyotidagi muammolar hamda ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotiga Toshkent shahar harbiy prokurori yordamchisi O. Mengliyev taklif etildi. Mutaxassis tomonidan harbiy qonunchilikni qo‘llash amaliyoti yuzasidan tushuntirishlar berilib, tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Qayd etilganidek, muloqot tinglovchilarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan mustahkamlash hamda o‘zaro fikr almashish uchun samarali maydon bo‘ldi.
G.Boboyeva,O‘zA