Adibning yangi asarlari taqdimoti o‘tkazildi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, shoir, taniqli adib hamda mohir tarjimon, qirqqa yaqin kitoblar muallifi Abdunabi Hamroyevning “Farishta qo‘li bilan”, “Chorrahadagi odamlar”, “Nurali Qobul dunyosi” va ”O‘zbeklar” nomli kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida Abdunabi Hamroyev ijodi, uning asarlari xususida, batafsil so‘z yuritildi.
Abdunabi Hamroyev nasr va nazmda birdek samarali ijod qilayotgan qalamkashlardan sanaladi. Ijodkor turli yillarda «Buxoro» nashriyotida «Xiyonat», «Oq alvasti», «Otam aytgan qo‘shiqlar», «Yirtqich», «Bolalikka sayohat», «Olis manzillar sari», «Unutilgan qo‘shiq», «Qishda ochilgan gul», «Kurashib yashayman», «Daryoni yetaklagan o‘g‘lon», «Obi hayot yo‘li», «Xazinatoparlar», «Otadan qolgan yodgorlik», «Yillar va taqdirlar», «Sehrli so‘z», «Ruhiyat ranglari», «Marhumlikka nomzodlar», «Fikr chaqmog‘i», «Ezgulik mulkining xaritasi» singari she’riy, nasriy va hujjatli asarlari, «O‘zbekiston» nashriyotida «Vaqt daryosi» va «Oltin darvozali yurt», «Oydin» nashriyotida «Bekatdagi o‘ylar», «Ijod-press» nashriyotida «O‘tmagan kunlar», «Info kapital books» nashriyotida «Farishta qo‘li bilan», «Do‘zaxdan chiqqan mushuk» (rus tilidan tarjima), «1945, vayronalar» (rus tilidan tarjima, «Bookmany print” nashriyotida “Nurali Qobul dunyosi” (Shu paytga qadar jami 35 ta) kitoblari chop etilgan. Shuningdek, adibning she’r va hikoyalari tojik, turk, qozoq, turkman tillariga tarjima qilinib, xorij gazeta va jurnallarida e’lon qilingan.
XX asrning 80-yillar o‘rtalarida adabiyot maydoniga kirib kelgan adib o‘zining dastlabki she’r va hikoyalari bilan muxlislar e’tibori va ustozlar nazariga tushdi. Ayniqsa, 1987-yilda «Yoshlik» jurnalining 7-sonida chop etilgan «Ko‘ngli bo‘sh odam» va «So‘nggi bosmachi» hikoyalari adabiyotshunos va yozuvchilar Xurshid Do‘stmuhammad, Rahimjon Otayev va Shahodat Isaxonova tomonidan e’tirof etildi. 2003-yilda taniqli o‘zbek yozuvchisi Shukur Xolmirzayev yosh qalamkashning nasriy asarlarini yuqori baholab, unga oq yo‘l tiladi.
Abdunabi Hamro – 1995-yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, 2022-yilda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan. «O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi» va «O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Respublika miqyosida o‘tgan bir nechta ko‘rik-tanlovlar g‘olibi. Sadriddin Ayniy nomli Buxoro viloyat teatrida «Oq ajal changalida» va «To‘g‘on» dramalari O‘zbekiston xalq artisti Ubaydullo Omon tomonidan sahnalashtirilgan. «To‘g‘on» dramasi 2011-yilda respublika teatr festivalida «Vatan himoyachilari to‘g‘risidagi eng yaxshi spektakl» nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni olgan.
2023-yilda Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi tomondan o‘tkazilgan «Sohibqironga ehtirom» tanlovida adibning asarlari she’riyat yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
Adib hozir ham faol ijod qilmoqda. U badiiy tarjima bilan ham faol shug‘ullanib, turkman shoirlari Maxtumquli va Qurbondurdi Zaliliy she’rlarini turkman tilidan, Fyodor Dostoyevskiyning «O‘lik uydan maktublar» romanining 2-qismini, Amerika yozuvchilari Ambroz Birs, Stiven King, Sidni Sheldon, ingliz yozuvchilari Redyard Kipling va Jorj Oruellning bir nechta asarlarini rus tilidan tarjima qilgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z telegram kanalida va feysbukda muntazam yangi asarlari bilan ishtirok etib kelyapti.
N.Usmonova, O‘zA