Yoshlar qalbida adabiyot shu’lasi
Toshkent farmatsevtika institutida yoshlarni kitob mutolaasiga keng jalb etish, ularning adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish, badiiy-estetik didi va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
«Ma’rifat ulashib» loyihasi doirasida tashkil etilgan ijodiy uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari – ijodkorlar Dilfuza Qarshiboyeva, Mirzo Karim, Begali Eshonqulov qatnashdi.
Tadbir avvalida institutning birinchi prorektori Ibrohim Sagatov so‘zga chiqib, yoshlarni kitobxonlikka jalb etish va ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitishda bunday uchrashuvlarning ahamiyati katta ekanini ta’kidladi.
– Bugungi kunda yoshlarimizga bilim berish bilan birga, ularning ma’naviy dunyosini boyitish ham muhim vazifalardan biri. Kitob mutolaasi esa bu borada eng samarali vositalardan, – dedi Ibrohim Sagatov.
Ijodiy muloqot erkin va samimiy muloqot ruhida davom etdi. Ijodkorlar o‘zlarining adabiy izlanishlari, ijod jarayoni va kitobning inson hayotidagi o‘rni haqida talabalar bilan fikr almashdilar.Ayniqsa, Dilfuza Qarshiboyevaning yoshlar bilan muloqoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ijodkorning ta’kidlashicha, yoshlarni kitobga qiziqtirish uchun ularga mutolaani majburiyat emas, balki ehtiyoj va zavq sifatida his qildirish kerak.


– Yoshlarga «kitob o‘qishing kerak» debgina aytish kamlik qiladi. Biz ularga kitobning inson hayotini qanday o‘zgartirishi mumkinligini ko‘rsata olishimiz lozim. Qiziqarli asar, samimiy suhbat va yaxshi misol ko‘pincha eng kuchli tarbiya vositasi bo‘ladi, – dedi ijodkor. Uning fikricha, har bir yoshning adabiyotga kirib kelish yo‘li turlicha bo‘ladi.
– Kimdir she’r orqali adabiyotni kashf etadi, kimdir hikoya yoki roman orqali. Muhimi, inson o‘z qalbiga yaqin asarni topa olsin. Shu asar unga keyingi kitoblarni izlash uchun yo‘l ochib beradi, – deya ta’kidladi Dilfuza Qarshiboyeva. Suhbat davomida ijodkor adabiyot va zamonaviy yoshlar munosabati haqida ham fikr bildirdi.
Bugun yoshlarning axborot olish imkoniyatlari juda keng. Ammo axborot ko‘pligi hali bilim degani emas. Kitob insonni ma’lumotdan fikrga, fikrdan esa xulosaga olib boradi. Shu jihatdan mutolaaning o‘rni doimo beqiyos, — dedi u.
Talabalarning ijodkorlikka qiziqishi haqida gapirar ekan, Dilfuza Qarshiboyeva yoshlarni o‘z fikrini erkin ifoda etishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kitobxonlik insonning nafaqat bilimini, balki nutqi va tafakkurini ham boyitadi.Adabiy muloqotda e’tirof etilganidek, ko‘p kitob o‘qigan insonning so‘z boyligi, fikrlash tarzi va dunyoqarashida o‘zgarish seziladi. U o‘z fikrini aniqroq va ta’sirchanroq ifoda eta boshlaydi. Shuning uchun kitobxonlikni shaxsiy kamolotning bir qismi sifatida qabul qilish kerak.
Uchrashuv davomida talabalar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ijodkorlarga murojaat qildi. Kitob tanlash, ijodiy izlanish, she’r yozish va adabiyotga qiziqishni oshirish kabi mavzularda qizg‘in muloqot bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar kitob va adabiyot inson ma’naviyatini yuksaltiruvchi beqiyos manba ekanini yana bir bor his etdilar. «Ma’rifat ulashib» loyihasi doirasidagi bunday ijodiy uchrashuvlar yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularni mustaqil fikrlashga undash va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Zero, kitobga oshno qalbda ezgulik, bilim va tafakkur uchun doimo joy bor.
N.Usmonova, O‘zA