Tarix bilan yuzma-yuz
Bizning barcha yutuqlarimiz ustozlarimizning zahmatli mehnatlari natijasidir. Xalqimizda ustozlik azaldan yuksak martaba sanalgan. Keyingi yillarda mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi mavqeini tobora yuksaltirish, ularni kuchli ijtimoiy himoyalashning amaliy va mutlaqo yangi mexanizmiga asos solindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda katta tantana bilan nishonlanadigan bayramga alohida shukuh bag‘ishladi.

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan poytaxtimizda 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan turkum tadbirlar, madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
“Ustoz qadri – millat qudrati” shiori ostida o‘tkazilayotgan bayram dasturlarida mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 300 nafarga yaqin maktabgacha, maktab, oliy ta’lim muassasalari xodimlari hamda davlat mukofotlari sohiblari, uzoq yillar tizimda faoliyat yuritgan ustozlar, ta’lim fidoyilari va mas’ullari ishtirok etmoqda.

Bayram tadbirlarining navbatdagi kunida mamlakatimizning ilg‘or pedagoglari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat qildi.
Davlatimiz rahbarining g‘oyasi asosida yurtimizdagi eng yirik mega-loyiha sifatida tashkil etilgan ushbu markaz bugungi kunda ma’naviyat, ma’rifat, bilim, tarixni chuqur o‘rganish, kelajak sari intilish markazi sifatida jahonning turli davlatlaridan kelgan mehmonlar, barcha yurtdoshlarimizda katta taassurot qoldirmoqda.
Tashrif davomida pedagoglar Markazning tashkil etilish tarixi, uning asosiy yo‘nalishlari hamda bu yerda jamlangan tarixiy-madaniy meros namunalari bilan tanishdi.

Markaz ekspozitsiyalaridan yurtimiz hududida asrlar davomida rivojlangan ilm-fan, ta’lim va madaniyat tarixiga oid ko‘plab ma’lumotlar o‘rin olgan. O‘qituvchilar buyuk allomalarimizning ilmiy merosi, qo‘lyozmalar, tarixiy manbalar va turli davrlarga oid eksponatlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Sayohat jarayonida ayniqsa, yurtimizdan yetishib chiqqan olim va mutafakkirlarning jahon ilm-fani taraqqiyotidagi o‘rniga oid ma’lumotlar ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi. Ekspozitsiyalarni tomosha qilish asnosida o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

Pedagoglar uchun bunday tashrifning yana bir jihati - tarixiy manbalar va eksponatlarni bevosita ko‘rish imkoniyati. Ayrim ma’lumotlar darslik yoki kitobda o‘qilganidan ko‘ra, tarixiy ashyolar va ekspozitsiyalar orqali boshqacha taassurot qoldiradi. Tashrif so‘ngida o‘qituvchilar Markazda ko‘rganlari yuzasidan fikr almashdilar. Ularning ta’kidlashicha, bu kabi sayohatlar pedagoglarning tarixiy bilimlarini boyitish bilan birga, dars jarayonida o‘quvchilarga qo‘shimcha ma’lumotlar berish uchun ham qo‘l keladi.
– Bunday muazzam markazga kelish, undagi ekspozitsiya bilan tanishish mamlakatimizdagi barcha ustozlarning orzusidir, – dedi Kattaqo‘rg‘on shahridagi ixtisoslashtirilgan maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Haydarali Mamatov. – Diyorimizning azaldan yirik ilm-fan, ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgani, bu yerda yashab, ijod qilgan allomalar jahon tamadduni ravnaqiga munosib hissa qo‘shganlarini yosh avlodga yetkazish biz – pedagoglarning burchimiz.
Ustoz va murabbiylar kuni arafasida tashkil etilgan ushbu tashrif pedagoglar uchun mazmunli dam olish va yangi ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini berdi.

Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri