“Toza shahar – barchamiz uchun!”: ekologik madaniyatni yuksaltirish yo‘lida
Andijon davlat chet tillari institutida “Toza shahar – barchamiz uchun!” deb nomlangan o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda loyiha tashkilotchilari, ekofaollar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, institut professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda respublikamizning 13 ta hududida “Toza shahar” nomli o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishi, mashg‘ulotlarda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, ularni alohida yig‘ish, saralash, qayta foydalanish hamda aylanma iqtisodiyot bilan bog‘liq masalalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
O‘zNNTMA Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Sherzodbek Valiyev loyihaning, o‘quv mashg‘ulotining maqsadi, ahamiyati haqida ma’lumotlar berdi.
– Loyihaning asosiy maqsadi, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, qattiq maishiy chiqindilarga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish hamda ularni samarali boshqarish bo‘yicha ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan, – deydi Sherzodbek Valiyev. – Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlari, aholining ekologik barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni, roli va ishtirokini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tadbirda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Foziljon Yunusov, Andijon viloyati Mintaqaviy tadqiqot markazi rahbari Shuhratbek Kamalovning mavzu doirasidagi ma’ruzalari tinglandi.

Ma’ruzalarda chiqindilarga shunchaki tashlab yuboriladigan material sifatida emas, balki qayta ishlash va qayta foydalanish orqali iqtisodiy qiymat yaratish imkonini beruvchi resurs sifatida qarash zarurligi, ushbu jarayonning iqtisodiy ahamiyati xususida keng tushunchalar berildi.
“Toza shahar” o‘quv kompaniyasi mashg‘ulotlari uchun umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda oliy o‘quv yurtlari talabalariga mo‘ljallangan “Nol chiqindi” mavzusida axborot-ta’lim materiallari to‘plami ishlab chiqilgan. Mazkur to‘plamdan o‘quvchi va talabalarning ekologik bilimlarini boyitish, qattiq maishiy chiqindilarga nisbatan mas’uliyatli munosabatini shakllantirishga oid materiallar joy olgan.

Ushbu materiallar respublika bo‘yicha 10 mingdan ziyod umumta’lim maktablariga tarqatilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, loyiha doirasida “Yoshlar mediakompaniyasi” tadbirlari o‘tkaziladi. Ushbu tadbirlarga 10 ming nafar yigit-qiz qamrab olinadi. Interfaol o‘yinlar, videorolik, taqdimot hamda infografika ko‘rinishlarida o‘tkaziladigan tadbirlar orqali yoshlarning ekologik madaniyati yanada mustahkamlanadi.
Chiqindilarni kamaytirish, ularni to‘g‘ri saralash va qayta ishlashga qaratilgan ushbu loyiha nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, musaffolikni ta’minlash, balki kelajak avlod uchun toza va barqaror muhitni yaratishga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri