Toza shahar – madaniyat va mas’uliyat mezoni
Jizzax shahridagi “Toza shahar” o‘quv kampaniyasida bir masalaga alohida e’tibor qaratildi: chiqindilar muammosini faqat tozalash xizmatlari yoki maxsus texnikalar yordamida hal etib bo‘lmaydi. Buning uchun har bir insonning kundalik odatlari, iste’molga munosabati va atrof-muhit oldidagi mas’uliyati o‘zgarishi kerak. Zero, tozalik ko‘chadan boshlansa-da, uning ildizi inson tafakkuridadir.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbir aynan shu maqsadga qaratildi. O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda 100 nafardan ortiq talaba-yoshlar, xotin-qizlar, mahalla faollari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Muhokamalarda chiqindilarni alohida yig‘ish, saralash va qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirish, mas’uliyatli iste’molni shakllantirish hamda ekologik savodxonlikni oshirish masalalari ko‘tarildi. Tadbirda qatnashgan mutaxassislar va jamoatchilik vakillari uchun bu mavzular nazariy tushunchalar bilangina cheklanmaydi. Ularning amaliy ahamiyati har bir xonadonda, ta’lim muassasasida, mahallada va jamoat joyida qabul qilinadigan oddiy qarorlarda namoyon bo‘ladi.
Kampaniya doirasida rejalashtirilgan ishlar ko‘lami ham e’tiborga molik. Respublikaning 13 ta hududida 39 ta o‘quv kampaniyasini o‘tkazish orqali aholining ekologik bilimini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarini atrof-muhitni muhofaza qilish jarayonlariga kengroq jalb etish ko‘zda tutilgan. Bu esa ekologik mas’uliyatni butun jamiyatning mushtarak vazifasiga aylantirishga xizmat qiladi.

Tashabbusning yana bir muhim yo‘nalishi “Nol chiqindi” (Zero Waste) tamoyilini hayotga tatbiq etishdir. Uning mohiyati oddiy, ammo ta’siri katta: chiqindi hosil bo‘lishini imkon qadar kamaytirish, buyumlardan qayta foydalanish va qayta ishlashga yaroqli xomashyoni isrof qilmaslik. Masalan, qog‘oz, plastik, shisha va metallni aralashtirib tashlash o‘rniga alohida yig‘ish ularni qayta ishlash imkoniyatini oshiradi. Bir marta ishlatiladigan buyumlarni kamroq iste’mol qilish esa chiqindi hajmining ortib borishini jilovlashga yordam beradi.
Loyiha doirasida umumta’lim maktablari uchun ekologik ta’lim materiallari tayyorlangan bo‘lib, ularni respublikadagi 10 ming 225 ta maktabga tarqatish rejalashtirilgan. Shuningdek, 10 ming nafar yoshni qamrab oladigan mediakampaniya orqali videoroliklar, viktorinalar va infografikalar vositasida ekologik bilimlarni ommalashtirish ko‘zda tutilgan. Umumiy maqsad esa 3 ming nafarga yaqin aholi, 10 ming nafar yosh va 200 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti vakillarining ekologik bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.

Bu vazifalar davlat siyosatida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bilan hamohang. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida “Chiqindidan xoli hudud” umummilliy loyihasining asosiy vazifalari belgilab berilgan. Unda chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari sifatini oshirish, poligonlar sonini qisqartirish, xavfli chiqindilarni xavfsiz utilizatsiya qilish hamda chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish tizimini rivojlantirish kabi choralar nazarda tutilgan. Jizzaxdagi “Toza shahar” kampaniyasi ham ana shu vazifalarning jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish, ekologik ongni yuksaltirish va mas’uliyatli iste’mol madaniyatini shakllantirishga qaratilgan amaliy yo‘nalishlardan biri sifatida ahamiyatlidir.
Albatta, o‘quv tadbirlarining samarasi ularda qatnashganlar soni bilangina emas, balki kundalik hayotda yuz beradigan o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Chiqindilarni saralash odatga aylansa, maktablarda ekologik tarbiya izchil yo‘lga qo‘yilsa, mahallalarda jamoatchilik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlansa, bunday sa’y-harakatlar aniq natija bera boshlaydi.

Jizzaxdagi “Toza shahar” tashabbusining ahamiyati ham shunda: u tozalikni bir kunlik aksiya emas, hayot tarziga aylantirish zarurligini eslatadi. Zero, chiqindini belgilangan joyga tashlash – oddiy qoidaga rioya qilish, uni saralash – resursni asrash, ortiqcha iste’moldan tiyilish esa kelajak oldidagi mas’uliyatni anglashdir. Toza shaharni maxsus xizmatlar obod qiladi, ammo uning tozaligini saqlash madaniyatini butun jamiyat yaratadi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri