Toza shahar, avvalo, tafakkurdan boshlanadi
Toza va obod muhit – jamiyat taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Bu borada ekologik madaniyatni yuksaltirish, ayniqsa, yoshlarda atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan sanaladi.
Jizzax politexnika instituti qurilish muhandisligi fakultetida “Toza shahar” ekologik o‘quv kampaniyasining “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida o‘tkazilgan navbatdagi axborot-ta’limiy tadbir ana shu maqsadlarga qaratildi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Qurilish muhandisligi fakulteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda fakultet talaba-yoshlari, xotin-qizlar, NNT vakillari va ekologik faollar ishtirok etdi.


Tadbirda maishiy chiqindilarga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish bilan bir qatorda, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimi samaradorligini oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini keng targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Maxsus tayyorlangan taqdimotlar orqali chiqindilarni alohida yig‘ish va saralash, mas’uliyatli iste’mol, chiqindilar miqdorini kamaytirish va qayta foydalanishning ahamiyati atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlashda fuqarolik jamiyatining o‘rni xususida ham muhim ma’lumotlar berildi.
Interaktiv usulda kechgan muloqotlar yoshlarning mavzuga qiziqishini yanada oshirdi. Talabalar ekologik barqarorlikni ta’minlash, chiqindilarni boshqarish va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish bo‘yicha muhim bilim va ko‘nikmalarini boyitdi.

Tadbir yakunida kreativ g‘oyalari hamda bahs-munozaralardagi faol ishtiroki bilan ajralib turgan talabalarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
E’tiborlisi, bunday axborot-ta’limiy tadbirlar ekologik muammolar haqida shunchaki ma’lumot berish bilan cheklanmay, yoshlarni kundalik hayotda mas’uliyatli iste’mol va chiqindilarga oqilona munosabat tamoyillariga amal qilishga undaydi. Zero, toza shaharni barpo etish faqat infratuzilma yoki obodonlashtirishdan emas, avvalo, insonning ekologik tafakkuri va shaxsiy mas’uliyatidan boshlanadi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri