Jadidlar xotirasi yoshlarni mas’uliyatga chorlaydi
Qaror va ijro
Jizzax politexnika institutining Transport muhandisligi fakultetida o‘tkazilgan davra suhbatida qatag‘on yillarining og‘ir manzaralari, nohaq ta’qib va tazyiqqa uchragan yurtdoshlarimiz taqdiri haqida so‘z bordi.
Suhbat davomida jadid bobolarimiz Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Fitrat singari millat ma’rifati va ma’naviy taraqqiyoti uchun qalami va hayotini bag‘ishlagan ziyolilarning faoliyati yodga olindi. Ularning o‘z asarlari orqali xalqni uyg‘otish, ilm-ma’rifatga chorlash va milliy o‘zlikni anglashga da’vat etgani haqida fikrlar bildirildi.

Ayniqsa, Jizzax zaminidan yetishib chiqqan Orifjon Olimjonov, Mahmudxo‘ja Xo‘jayev, Anqaboy Xudoybaxtov, Mamadiyor Allayorov, Haydarbek Abdujabborov kabi yurtdoshlarimizning fojiali taqdiri talabalar e’tiborini tortdi. Ularning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlar bir haqiqatni yana bir bor eslatdi: qatag‘on nafaqat insonlarning umriga, balki millatning ilm-fani, madaniyati va ma’naviy salohiyatiga ham og‘ir zarba bergan.
Tadbirda tarixiy xotirani asrashning bugungi kundagi ahamiyatiga ham alohida urg‘u berildi. Zero, o‘tmishdagi voqealarni bilish faqat tarixni o‘rganish emas, balki bugungi tinch va erkin hayotning qadriga yetish, uni asrab-avaylash mas’uliyatini anglashdir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-noyabrdagi “2025-2026-yillarda mamlakatimizda qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini targ‘ib etish ishlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida yoshlar o‘rtasida qatag‘on qurbonlari hayoti va ilmiy-ma’rifiy merosini keng targ‘ib qilish, ular tavallud topgan maskanlarda uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazish belgilangan. Bugungi muloqot ana shu ezgu maqsadlarning ta’lim muassasasidagi amaliy ifodasi bo‘ldi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri