Jadid bobolar xotirasi o‘chmas chiroqdir
Andijon davlat universitetida “O‘chmas chiroqlar” deb nomlangan respublika ilmiy-ma’rifiy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda milliy ozodlik harakatining g‘oyaviy yo‘lboshchilari bo‘lgan jadid bobolarimizning boy ma’naviy merosi, ularning millat ravnaqi yo‘lidagi ibratli hayot yo‘li va faoliyatini yod etish, shuningdek, yosh avlod qalbida tarixiy haqiqatni mustahkam qaror toptirish hamda jadid bobolarimizga nisbatan hurmat va ehtirom tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida anjuman tashkil etildi. Unda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, yozuvchi va shoirlar, keng jamoatchilik vakillari hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.
[gallery-26848]
Tadbirda so‘zga chiqqan Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev, universitet tuzilmasida faoliyat yuritayotgan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rahbari, tarix fanlari doktori Rustambek Shamsuddinov, filologiya fakulteti dekani Bahodirjon Rahmonov hamda boshqalar jadidchilik harakatining tarixiy ahamiyati, uning o‘zbek adabiyoti va ma’rifati taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni, jadid bobolarimizning ilm-fan, madaniyat va milliy uyg‘onish yo‘lidagi ulkan xizmatlari xususida atroflicha fikr bildirdi.
– Jadidchilik harakati namoyondalari Abdurauf Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Avloniy singari yuzlab vakillar o‘zlarining ilmiy, badiiy asarlari bilan millat ozodligi va hurligini tarannum etgan, – deydi universitet filologiya fakulteti dekani Bahodirjon Rahmonov. – Qolaversa, jadid bobolarimiz o‘z ijodi va o‘lmas asarlari bilan o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan. Ularning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish bugungi kunda jamiyatimiz, ayniqsa, ziyolilar oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Anjumanda olimlar, ijodkorlarning jadidchilik harakati, ularning ijodiy merosi, asarlari haqidagi qiziqarli ma’ruzalari tinglandi. Universitet tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rahbari, tarix fanlari doktori Rustambek Shamsuddinovning jadidlar hayoti va faoliyatini o‘rganish va targ‘ib etishdagi samarali faoliyati alohida e’tirof etildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Muhiddin Polvonning “Lolani parishon qil” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Taqdimotda ilgari surilgan g‘oyalar, undagi tarixiy haqiqatlar hamda asarning ilmiy-ijtimoiy ahamiyati xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Tadbir qatnashchilari kitobning jadid ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishdagi ahamiyatini alohida e’tirof etdi.
Tadbir davomida Andijon maqom ansambli san’atkorlari tomonidan jadid bobolarimizning ma’naviy merosi, milliy o‘zlik va ma’rifat g‘oyalarini tarannum etuvchi kuy, qo‘shiqlar ijro etildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari