Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 219-umumta’lim maktabi bilan hamkorlikda “Jadidlar merosi – yoshlar nigohida” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda so‘nggi yillarda ulug‘ allomalarimizning ilmiy, ma’naviy va adabiy merosini o‘rganish hamda tatbiq etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosning qadr-qimmati ortib borayotgani, uning ahamiyati munosib e’tirof etilayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda jadidchi bobolarimiz matonati, ularning milliy ma’naviyatimizdagi o‘rni va ahamiyati, ta’lim-tarbiya sohasiga qo‘shgan salmoqli hissasi haqida so‘z bordi.
Tadbir doirasida maktab o‘quvchilari muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdi. Maktabning tarix fani o‘qituvchisi Dilorom Sharipova ekspozitsiya bilan tanishuv asnosida o‘quvchilarga innovatsion uslubda onlayn dars o‘tdi.
Nilufar Mirzayeva,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi
O‘zA