Bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda bojxona sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokama qilindi. Sirdaryo viloyati shahar va tumanlarining ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirish masalalari ko‘rib chiqildi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bojxona sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasida qayd etilganidek, amaldagi qonunchilikda katta miqdordagi bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjud emasligi ularga qarshi kurashish samaradorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, 2022-yilda 162 milliard so‘mlik 291, 2024-yilda esa 247 milliard so‘mlik 348 holat aniqlangan.
Qonun bilan katta miqdordagi bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash, shuningdek, bojxona organlari tomonidan surishtiruv shaklida tergov qilinadigan jinoyatlar doirasini kengaytirish nazarda tutilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokamasida esa qonunning ayrim normalari yuzasidan vazirlik va idoralar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarga e’tibor qaratildi.
Xususan, chet davlat hududidagi qurolli to‘qnashuvlar yoki harbiy harakatlarda qatnashishni, shuningdek, chet davlatning harbiy xizmatiga yollanishni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish, shuningdek, shaxsning o‘zi sodir etgan huquqbuzarligi aks etgan materiallarni tarqatish yoki namoyish etish uchun javobgarlik belgilanishi bilan bog‘liq normalar ko‘rib chiqildi.
Ushbu normalarni amaliyotda qo‘llash, ularning huquqiy jihatdan aniq va bir xil talqin etilishini ta’minlash hamda ijro mexanizmlarini belgilash yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish va asoslantirish zarurligi ta’kidlandi.


“Sirdaryo viloyatining Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari, Guliston, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos tumanlari ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi masalani ko‘rib chiqish chog‘ida ta’kidlanganidek, hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, infratuzilmani takomillashtirish va yer resurslaridan samarali foydalanishda ma’muriy chegaralarni aniq belgilash muhim ahamiyatga ega.

Keyingi yillarda Sirdaryo viloyatida aholi punktlarining kengayishi, yangi turar joylar, ijtimoiy ob’ektlar va investitsiya loyihalarining barpo etilishi natijasida hududlarning mavjud chegaralarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelgan. Taklif etilayotgan o‘zgartishlar Guliston va Shirin shaharlarini qo‘shimcha yer maydonlari bilan ta’minlash, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgan.
Shu bilan birga, Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari, shuningdek, viloyatning tumanlari ma’muriy-hududiy chegaralarini aniqlashtirish orqali hududiy boshqaruv samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda.
Muhokama yakunida qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA