9 oyda 30 yangi qoʻshma korxona ish boshladi
Toshkent viloyatida Oʻzbekiston – Rossiya hamkorligida 120 qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda. Eʼtiborlisi, sanoat, qurilish, savdo, xizmat koʻrsatish va boshqa yoʻnalishlardagi mazkur korxonalarning 30 tasi joriy yilda ish boshladi.
Toshkent viloyatida Oʻzbekiston – Rossiya hamkorligida 120 qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda. Eʼtiborlisi, sanoat, qurilish, savdo, xizmat koʻrsatish va boshqa yoʻnalishlardagi mazkur korxonalarning 30 tasi joriy yilda ish boshladi.Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay va sogʻlom investitsiya muhiti yaratishga qaratilayotgan alohida eʼtibor yuksak samaralar bermoqda. Jumladan, xorijlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan qoʻshma korxonalarda mahalliy xomashyodan sifatli, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilayotir. Bu ichki bozor talabini toʻla qondirish bilan birga, mamlakatimiz ishlab chiqarish va eksport hajmining ortishiga xizmat qilmoqda.
Angren shahrida ham rossiyalik ishbilarmonlar hamkorligida 10 ga yaqin korxona sanoat va savdo yoʻnalishida faoliyat yuritadi. Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Sungreen tex” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxona ana shulardan biri.
Korxona tikuvchilari tomonidan oyiga oʻrtacha 120 mingdan ziyod mahsulot tayyorlanmoqda. Mahalliy xomashyodan pishiq va sifatli tikilgan kiyimlarning bir qismi korxona doʻkonida sotilayotgan boʻlsa, asosiy qismi MDH davlatlariga eksport qilinayotir.
Bolalar uchun 30 dan ortiq turda kiyim tayyorlanayotgan mazkur jamiyat xorijiy yetakchi firmalarning zamonaviy tikuv dastgohlari bilan jihozlangan. Ayni paytda korxonada 280 dan ziyod ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati mahalliy yoshlar ekani eʼtiborlidir.
– Korxona tomonidan transport, issiq ovqat, xullas, biz uchun zarur barcha sharoit yaratilgan, – deydi tikuvchi Sh.Joʻraqulova. – Hamkasblarimning aksariyati yoshlar – tengqurlarim. Ular bilan doʻstlashib, bir oila boʻlib ketganmiz. Mana shunday zamonaviy, eksportyor korxonada ishlayotganimdan faxrlanaman.