195 ta ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi ob’ekti foydalanishga topshirildi
Iqtisodiyot va moliya vaziri matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshana Umarova ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan 2026-2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilda dastur doirasida byudjet tizimi mablag‘lari hisobidan 23 trillion 900 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ob’ektlarni barpo etish, shuningdek, mavjud ob’ektlarni rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan.
Bugungi kunda dastur doirasida 2 mingta ob’ektda qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Birinchi yarim yillikda loyiha-qidiruv ishlari, qurilish va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish uchun 11 trillion 324 milliard so‘m o‘zlashtirilgan bo‘lib, bu yillik limitning 40,3 foizini tashkil etdi. Qurilish-montaj ishlari hajmi esa 12 trillion 369 milliard so‘mga yetdi.
Brifingda qayd etilishicha, yilning dastlabki olti oyida 195 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi. Ular orasida umumta’lim maktablari, maktabgacha va oliy ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash ob’ektlari, ichimlik va oqova suv, issiqlik ta’minoti tizimlari, avtomobil yo‘llari, irrigatsiya va melioratsiya inshootlari, shuningdek, maxsus sanoat zonalarining tashqi infratuzilma ob’ektlari bor.
Ta’lim sohasida 6 722 ta o‘quvchi o‘rni va 1 940 ta bog‘cha o‘rni yaratildi. Sog‘liqni saqlash tizimida esa bir smenada 465 qatnovga mo‘ljallangan ambulatoriya va 696 o‘rinli statsionar quvvat faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, 61,5 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari, 65,9 kilometr issiqlik tarmoqlari foydalanishga topshirildi. Suv xo‘jaligi sohasida 435,8 kilometr kanal va 80,1 kilometr kollektor ishga tushirildi.
Brifingda ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan loyihalar aholining zamonaviy infratuzilma bilan qamrovini kengaytirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, vazirlik tomonidan dastur doirasidagi loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi hamda qurilish ishlarining borishi yuzasidan tizimli monitoring olib borilayotgani qayd etildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA