Zamonaviy tibbiyot maskani foydalanishga topshirildi
Navoiy viloyati Karmana tumanida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga qaratilgan muhim loyihalardan biri Azamat mahallasida joylashgan oilaviy shifokorlik punkti to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ko‘rinishda faoliyat boshladi.
Yangi binoning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar yangi tibbiyot maskani hududda sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladi. Shundan so‘ng ramziy lenta kesilib, maskan foydalanishga topshirildi.

Mazkur oilaviy shifokorlik punkti endilikda 689 ta xonadon aholisiga xizmat ko‘rsatadi. U 26 turdagi eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.

Shuningdek, tibbiyot punktida xizmat ko‘rsatish FASE ID tizimi orqali yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, avvalo Azamat mahallasi fuqarolari ro‘yxatdan o‘tib, tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Boshqa mahallalardan kelgan fuqarolarga esa alohida tartib asosida xizmat ko‘rsatiladi. Bu esa xizmat sifatini oshirish va tartibni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA