Gidroenergetika sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti va “O‘zbekgidroenergo” AJ o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuv ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani yanada mustahkamlash, shuningdek, gidroenergetika sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu bilan birga, sohada zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalarni joriy etish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish tizimini rivojlantirish bo‘yicha ham aniq mexanizmlar ishlab chiqiladi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu strategik hamkorlik gidroenergetika tarmog‘ida kadrlar salohiyatini oshirish, ilmiy salohiyatni kuchaytirish hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA