Oddiy ustaxonadan zamonaviy ishlab chiqarish korxonasigacha
FOTOREPORTAJ
Nukus shahrida istiqomat qiluvchi tadbirkor Murodbek Tanirbergenovning mehnat faoliyati oddiy ustaxonadan boshlanib, bugungi kunda zamonaviy ishlab chiqarish korxonasiga aylangani e’tiborga molik.
U ilk tadbirkorlik faoliyatini o‘z uyida mebel ta’mirlash ishlari bilan boshlagan. Keyinchalik “Hunarmandlar” uyushmasiga a’zo bo‘lib, faoliyatini yanada kengaytirdi. Dastlab uy jihozlarini restavratsiya qilish, shuningdek, shkaf, divan va boshqa turdagi maishiy mebellar tayyorlashga ixtisoslashdi.
2005–2009-yillarda yakka tadbirkor sifatida ish yuritgan Murodbek Tanirbergenov 2 million so‘mlik kredit mablag‘lari hisobidan o‘z faoliyatini kengaytirishga erishdi. 2009-yilda esa korxona kichik xususiy korxona sifatida qayta tashkil etilib, ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turlari sezilarli darajada oshdi.
2013-yildan buyon korxona “Murodbek mebel” mas’uliyati cheklangan jamiyati sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Tadbirkor ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Turkiya, Germaniya va Italiyadan zamonaviy uskunalar olib kelinib, yuqori sifatli hamda zamonaviy dizayndagi mebellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Korxona moliyaviy barqarorlikni ta’minlash yo‘lida ham izchil rivojlanmoqda. Jumladan, turli yillarda bank kreditlari jalb qilinib, ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirildi. 2025–2026-yillarda 142 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit hisobidan yangi uskunalar va xomashyolar xarid qilindi. Ayniqsa, Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy mebel stanogining olib kelinishi ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qildi.
Korxona faoliyati nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham ahamiyatlidir. U turli yillarda “Tashabbus” ko‘rik tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida yuqori natijalarni qayd etgan.
[gallery-28701]
Bugungi kunda korxona yiliga o‘rtacha 4–5 milliard so‘mlik aylanmaga ega bo‘lib, 30 dan ortiq ishchi-xodimni doimiy ish bilan ta’minlagan.
Kelgusida korxonada ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va zamonaviy mebellar turini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA