Zakovat maydonida yoshlar bellashdi
Yoshlar kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda jamoada do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan sport musobaqalari tashkil etildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamda viloyat shaxmat federatsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda bojxona organlari xodimlari shaxmat va shashka sport turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar. Bellashuvlar qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy o‘tgan bo‘lsa-da, o‘zaro hurmat, do‘stona muhit va sportga xos halol raqobat ustuvor bo‘ldi.



Musobaqa ishtirokchilari mantiqiy fikrlash, tezkor qaror qabul qilish, sabr-toqat va strategik yondashuv kabi muhim fazilatlarini namoyon etdilar. Bu kabi intellektual sport turlari xodimlarning kasbiy faoliyatida ham muhim ahamiyat kasb etib, tahliliy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Bellashuvlar yakunlariga ko‘ra, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi bosh yuriskonsulti, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi, katta leytenant Jaloliddin Tohirov munosib ishtirok etib, birinchi o‘rinni egalladi.


Tadbir so‘ngida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri