Xizmat safariga yuborilgan xodimning ish haqi qanday to‘lanadi?
Amaldagi mehnat qonunchiligiga ko‘ra, xizmat safariga yuborilgan xodimning ish haqi saqlanadi. Bunda ish haqi oddiy ishlangan kunlar uchun hisoblanadigan tartibda emas, balki qonunchilikda belgilangan kafolatli to‘lov sifatida amalga oshiriladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Huquq va texnologiyalar sho‘’basi o‘qituvchisi Abdulaziz Abdurazzoqov mazkur masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:
— Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 279-moddasiga muvofiq, kafolatli to‘lovlar xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan qonunchilikka muvofiq ozod qilingan yoki o‘z ixtiyoriga zid ravishda ishlash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan vaqt uchun o‘rtacha ish haqi yoki tarif stavkasi (maosh) miqdorida to‘lanadigan pul to‘lovlari hisoblanadi. Xizmat safari davri ham ana shunday kafolatli to‘lovlar qo‘llaniladigan holatlardan biri.
Ikkinchidan, Mehnat kodeksining 280-moddasiga asosan, ish beruvchi xodim xizmat safarida bo‘lgan davr uchun kafolatli to‘lovlarni amalga oshirishi shart. Demak, xizmat safari davrida xodimning ish haqi saqlanadi va ushbu davr uchun to‘lov qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Uchinchidan, Mehnat kodeksining 257-moddasi o‘rtacha ish haqini hisoblash tartibini belgilaydi. Unga ko‘ra, o‘rtacha ish haqi, qoida tariqasida, o‘rtacha ish haqi saqlanadigan oydan oldingi 12 kalendar oy davomida hisoblangan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar asosida aniqlanadi.
Shuningdek, xizmat safari davrida xodimning ish haqi saqlanishi bilan bir qatorda, unga xizmat safarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar ham qoplanadi. Jumladan, yo‘lkira xarajatlari, turar joy xarajatlari, sutkalik pullar hamda xizmat safarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi. Ushbu kompensatsiya to‘lovlari kafolatli ish haqidan alohida to‘lanadi.
Xulosa qilib aytganda, xizmat safari davrida xodimga ish haqi to‘liq oylik maosh tarzida emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 257, 279 va 280-moddalariga muvofiq kafolatli to‘lov sifatida o‘rtacha ish haqi miqdorida to‘lanadi. Shu bilan birga, xizmat safari bilan bog‘liq zarur xarajatlar ham alohida kompensatsiya qilinadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA