O‘zbekiston bayrog‘i xalqaro robototexnika maydonida baland ko‘tarildi
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan "World Robot Caspian Cup 2026" xalqaro musobaqasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, katta yutuqlarga erishdi.
Dunyoning turli mamlakatlaridan eng kuchli jamoalar ishtirok etgan nufuzli musobaqada TATUdan jami 5 ta jamoa qatnashdi. Quvonarlisi, ularning 4 tasi final bosqichiga yo‘llanma oldi va 3 ta jamoa sovrindorlar qatoridan joy oldi. Bu natija nafaqat universitet, balki O‘zbekiston robototexnikasi tarixidagi eng yorqin va muhim yutuqlardan biri sifatida baholanmoqda.

Xususan, “TUIT Hawk” jamoasi xakaton yo‘nalishida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Jamoaga Munisa Islomova rahbarlik qildi. Uning tarkibida Iskandar Shomuradov, Gauhar Baymatova, Murodil Nurmamatov va Sabina Nosirova ishtirok etdi.
Shuningdek, “SU-Drone Soccer” jamoasi ham dron futbol yo‘nalishida tengsiz ekanini isbotlab, 1-o‘ringa munosib topildi. Jamoaga Adizbek Ergashev mentorlik qildi.

Yana bir muhim natija — “TUIT Falco” jamoasining Drone FPV yo‘nalishida xalqaro 2-o‘rinni egallagani bo‘ldi. Bu jamoaga Asliddin Boboqulov rahbarlik qildi. Tarkibda Mirzabek Irisqulov, Otajon Murotboyev va Asadbek Nurulloyev faol qatnashdi.
Musobaqada Iordaniya, Misr, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya kabi davlatlarning kuchli jamoalari ishtirok etdi. Ayrim mamlakatlar 8–10 tadan ortiq jamoa bilan qatnashganiga qaramay, o‘zbekistonlik yoshlar bilim, texnologiya va innovatsion yechimlar borasida yuqori salohiyatga ega ekanini amalda isbotladi.
Bu kabi yutuqlar mamlakatimizda robototexnika, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasi jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, bu g‘alaba o‘zbekistonlik yoshlarning global raqobat maydonida munosib o‘rin egallashga qodir ekanini yana bir bor namoyon qildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA