Yunon-rum bo‘yicha mamlakat kubogida buxorolik polvonlar g‘olib bo‘ldi
Surxondaryoning Termiz shahrida yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan U15 yosh toifasidagi O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning hal qiluvchi kunida yosh polvonlar bir qator vazn toifalarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Jumladan, musobaqaning 38 kilogrammgacha vazn toifasida Buxoro viloyati vakili Abubakr Qurbonov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Kumush medal esa Muhammadlaziz Karimovga (Toshkent viloyati) nasib etdi. Shuningdek, Boburjon Yo‘ldoshev (TOPSTTM) va Afzal Turdaliyev (TOPSTTM) bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Vazni 41 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar orasida Mahmudjon Ahmedov, Ibrohim Narzullayev, Bunyod Mahmudov va Muhammadyusuf Shokiraliyev, -44 kg.da Bobur Sayfullayev, Sherzod Shernazarov, Azizbek Abdulhamidov va Valijon Suyunov shohsupaga ko‘tarildi.
Shuningdek, o‘z vazn toifalarida Mirislom G‘ofurov, Abdulaziz Xatamov, Mehroj Turdimurodov, Behruz Abdupattayev, Ruslan Ovezmurotov, Amir Azamatov va Temur O‘rolov kabi polvonlar musobaqa g‘olibiga aylandi.
Qayd etilgan natijalar yakuniga ko‘ra, jamoaviy hisobda Buxoro viloyati sportchilari 147 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Toshkent viloyati 137, Andijon viloyati esa 111 ball bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA