Sirdaryolik yosh shaxmatchilar oltin va bronza medallarini qo‘lga kiritdi
Andijon viloyatida 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida Sirdaryo viloyati vakillari munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etdi.
Xususan, 17 yoshgacha bo‘lgan toifada rapid yo‘nalishida ishtirok etgan Boyovut tumanidagi 9-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Malika Jumayeva 9 ta partiyadan 8 ball jamg‘arib, ishonchli tarzda chempionlikni qo‘lga kiritdi. Uning barqaror o‘yini, har bir partiyadagi puxta hisob-kitoblari va strategik yondashuvi mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.

Mazkur musobaqada 17 yoshgacha bo‘lgan toifada ishtirok etgan yana bir sirdaryolik o‘quvchi — Sarvinoz Orziqulova ham rapid yo‘nalishida muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. 13 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida esa Bilolxo‘ja Hasanov standart yo‘nalishda munosib ishtirok etib, bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Qayd etish joiz, Malika Jumayeva uchun bu yutuq tasodifiy emas. U so‘nggi yillarda xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalarda barqaror natijalarni qayd etib kelmoqda. Jumladan, 2023-yilda BAAning Al-Ayn shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida blits yo‘nalishida bronza medalni qo‘lga kiritgan. 2025-yil yanvar oyida Andijonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida uchta bronza medaliga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, mart oyida Samarqand shahridagi xalqaro “Women Chess” musobaqasida ham sovrindorlar safidan joy olgan.

Ayniqsa, uning musobaqalardagi barqaror natijalari va irodasi alohida e’tiborga loyiq. Yosh bo‘lishiga qaramasdan, u bu yil shaxmat bo‘yicha “Sport ustasi” unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu esa uning kelgusida yanada yuksak natijalarga erishishi uchun mustahkam zamin yaratadi.

– Bunday natijaga erishishimda marhum ustozim Mamatqul Haylayev, oilam va ustozlarimning hissasi katta, deb o‘ylayman. Muhimi, bunday musobaqalarda ishtirok etib, nafaqat g‘alaba qozonish, balki kelajakda xalqaro grossmeyster bo‘lib, yurtim bayrog‘ini jahon chempionatlarida baland ko‘tarishni orzu qilaman, – deydi Malika Jumayeva.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yosh shaxmatchilarning bunday yutuqlari hududda shaxmat sportiga bo‘lgan e’tibor ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bu esa kelgusida xalqaro maydonlarda O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan iqtidorli sportchilar safi kengayayotganidan dalolat beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri