“Yosh gvardiyachi” musobaqasida eng kuchli jamoalar aniqlandi
Sirdaryo viloyatida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy tayyorgarligi va jamoaviylik ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan “Yosh gvardiyachi” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Milliy gvardiya Sirdaryo viloyat bo‘yicha boshqarmasida o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Yoshlar ishlari boshqarmasi hamda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi. Bu esa musobaqaning mazmunan boy va har tomonlama puxta o‘tkazilishiga zamin yaratdi.


Bellashuvlarda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan saralab olingan 12 ta jamoa ishtirok etdi. Ular 10 ta shart bo‘yicha o‘zaro kuch sinashib, jismoniy tayyorgarlik, chaqqonlik, tezkorlik va jamoaviylik borasida o‘z imkoniyatlarini namoyon etdilar. Ayniqsa, harbiy-amaliy mashqlar, to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish va saf tayyorgarligi kabi sinovlar ishtirokchilardan yuqori darajadagi tayyorgarlikni talab etdi.


Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Sayxunobod tumani 41-maktabning “Oq arslonlar” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanma sohibiga aylandi. Ikkinchi o‘rin Guliston shahri 16-maktabning “Sheryuraklar” jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Guliston tumani 27-maktabning “Arslonlar” jamoasiga nasib etdi.

G‘olib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri