Yoshlar sinovdan o‘tdi
Sirdaryo viloyatida o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida jasorat, intizom va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqasining hududiy bosqichi katta tayyorgarlik va yuqori ruhiy ko‘tarinkilik bilan o‘tdi.
Ushbu loyiha doirasida “Jasorat maktablari”ning 5-9-sinf o‘quvchilari jamoaviy tarzda bellashib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini bir necha yo‘nalishlarda sinovdan o‘tkazdi. Har bir jamoa 8 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ular nafaqat jismoniy, balki intellektual va amaliy tayyorgarlik bo‘yicha ham o‘z imkoniyatlarini namoyon etdi.
Bellashuvlar saf tayyorgarligi, tibbiy ko‘nikmalar, robototexnika, huquqiy savodxonlik hamda milliy sport o‘yinlari yo‘nalishlarida tashkil etildi. Ushbu bosqichlarda yoshlarning intizomi, tezkor fikrlashi, jamoada ishlash qobiliyati va jismoniy chidamliligi sinovdan o‘tdi.
[gallery-28941]
Musobaqa davomida ishtirokchilar g‘alaba uchungina emas, balki o‘zaro hamjihatlik, mas’uliyat va intizomni namoyon etish uchun ham bellashdi. Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, bu kabi tadbirlar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning hayotiy ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hududiy bosqich yakunlariga ko‘ra, eng yuqori natija Mirzaobod tumanidagi 3-maktabning “Jasorat” sinfi o‘quvchilariga nasib etdi. Ikkinchi o‘rin Guliston shahridagi 16-maktabning “Jasorat” sinfi o‘quvchilariga, uchinchi o‘rin esa Xovos tumanidagi 1-maktabning “Jasorat” sinfi o‘quvchilariga berildi.
G‘olib va sovrindor jamoalar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rin sohiblariga musobaqaning bosh sovrini — kubok topshirildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA