G‘o‘za parvarishiga bag‘ishlandi
Arnasoy tumani dalalarida Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida 2026-yil g‘o‘za parvarishiga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbir tumanning ilg‘or xo‘jaliklaridan biri — “Yangi bo‘ston sardori” fermer xo‘jaligi dalasida o‘tkazilib, u yerda zamonaviy agrotexnologiyalar namoyish etildi. Xususan, tuproqqa ishlov berishda qo‘llanilayotgan grezerli kultivatsiya qurilmasi sinovdan o‘tkazilib, uning imkoniyatlari keng jamoatchilikka taqdim qilindi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, mazkur usul yer qa’rini chuqur va sifatli yumshatish, namlikni saqlab qolish hamda nihollar o‘sishini barqaror ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunga esa hosildorlikni oshirishning ishonchli kafolati sifatida qaralmoqda.
Seminarda Xitoyning "Anyan" kompaniyasi tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlariga suyultirilgan dorilarni aniq me’yorda sepishga mo‘ljallangan innovatsion uskuna taqdim etildi. Yangi texnologiya dorilarni tejamkor, aniq va samarali qo‘llash imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari “Farhodjon Xudoyorxon” fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ekish ishlari bilan tanishdilar. Mazkur maydonda qo‘shqator usulida, Shinjon tajribasiga tayanilgan holda, Xitoy seleksiyasiga mansub 78-navli chigit urug‘i ekilayotgani qayd etildi.
Amaliy muloqotlar jarayonida viloyat rahbari o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashib, dehqon va mutaxassislarga aniq tavsiyalar berdi. Bu kabi uchrashuvlar sohada ilmiy yondashuv va amaliy bilim uyg‘unligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida urg‘ulandi.
Mazkur jarayonlar mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini izchil isloh qilish, uni zamonaviy bosqichga olib chiqishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasidir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tarmoqqa ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish va fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgani bejiz emas.
Seminarda barcha ishtirokchilar yakdil fikrga keldilar: ilg‘or tajribalarni keng tatbiq etish, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga chuqur singdirish orqali paxtachilik samaradorligini yanada oshirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA