“O‘zmilliybank”: yoshlar tadbirkorligi va bandligi qo‘llab-quvvatlanadi
Namangan davlat universitetida "O‘zmilliybank" aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan Prezidentimizning shu yil 24-fevralda “Ko‘ksaroy” qarorgohida yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi tashkil etildi.
Markaziy bank Namangan viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Akramjon Ibragimov, “O‘zmilliybank” respublika boshqaruvining “Kelajakka qadam” markazi loyiha rahbari Azimjon Ilhomov, “O‘zmilliybank” Namangan viloyat boshqarmasi boshqaruvchisining muovini Bahodir Hoshimov uchrashuvga to‘plangan talabalarga davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotida ilgari surilgan tashabbuslar, ertamiz egalari uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar haqida atroflicha tushunchalar berishdi.
Ta’kidlanganidek, 2026-yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilib, yosh tadbirkorlarga yetti yil muddatgacha 15 foizli mablag‘ ajratish boshlandi. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib biznes boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lganlarga 2 milliard so‘mgacha, kamida besh nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit taqdim qilinmoqda.
Qayd etish joiz, yoshlarning tadbirkorligi va bandligini ta’minlashga bevosita mas’ul etib biriktirilgan “O‘zmilliybank” tashabbusi bilan Namangan viloyatidagi oliy o‘quv yurtlarining 567 nafar bitiruvchisiga jami 19 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
[gallery-28945]
Hududlarda navqiron avlod vakillari o‘rtasida biznesga oid bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ularni tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha kompleks xizmat ko‘rsatish maqsadida Namanganda ham “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etiladi.
Qolaversa, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun “Mening birinchi kasbim” amaliyot dasturi ishga tushirilib, unga ko‘ra, bitiruvchilar o‘rtasida tanlov o‘tkazilib, g‘oliblarga oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lanadi.
Tadbirda oliy o‘quv yurtining bitiruvchi talaba-yoshlari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bank mutasaddilariga savollarini berishdi.
Zohidjon Qoraboyev asli jizzaxlik, ayni vaqtda vodiydagi nufuzli oliy o‘quv yurtida tahsil olmoqda. Bo‘sh vaqtlarida tovuq yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Parrandachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditdan foydalanish istagini bildirdi.
Uchqo‘rg‘onlik Javohir Jo‘raboyev esa darsdan keyin yashash manzilida tashkil etgan oziq-ovqat do‘konida faoliyat yuritadi. U imtiyozli kredit berilsa, kelgusida savdo do‘koni tarmog‘ini kengaytirmoqchi.
Chortoqlik Murodjon Rahmonov talabalikning ilk yilida jamoatchilik asosida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga mo‘ljallangan nodavlat notijorat tashkilotini boshqargan. Ayrim sabablarga ko‘ra, tashkilotining mulkchilik shakli biznes sub’ektiga o‘zgartirib qo‘yilgan. Shu sababli u bank moliyaviy ko‘magini rasmiylashtirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Uchrashuv davomida shu kabi o‘ndan ortiq murojaatlar “O‘zmilliybank” mutasaddilari tomonidan alohida nazoratga olinib, tegishli muddatlarda ijobiy hal etish choralari belgilanishi aytib o‘tildi.
– Biz Yangi O‘zbekiston yoshlari o‘zimizni chinakam baxtli, deb hisoblaymiz. Bugun o‘z ovozini, iqtidorini, salohiyatini, bilimini ko‘rsatadigan har qaysi yosh uchun katta imkoniyatlar mujassam, – deydi Namangan davlat universiteti fizika-matematika fakulteti talabasi Muslima Yusupova. – O‘tgan yilning oxirida o‘zim istiqomat qilayotgan Namangan tumanidagi Yashnobod mahallasida fotostudiya ochish uchun 100 million so‘mlik imtiyozli kreditdan foydalandim. Buning natijasida ish o‘rinlari ham yaratdik. Moliyaviy ko‘mak muddatidan so‘ng bank bilan hamkorlikni yana davom ettirishni rejalashtirganman. Bunday muloqotlar yosh tadbirkorlar, bitiruvchi talaba-yoshlar uchun g‘oyat ahamiyatli, shuning uchun ham uning bardavom bo‘lishini istaymiz.
“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi yakunida “O‘zmilliybank” tomonidan yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilgan 100 va 200 million so‘mlik vaucherlar tadbirkorlarga taqdim etildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA