Yoshlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan tadbir
Guliston shahridagi Yoshlar markazida maktab maslahatchilari ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir ta’lim islohotlarini chuqur anglash, ularning amaldagi ijrosini ta’minlash va maslahatchilar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratildi.
Viloyat “Kelajak” markazi direktori Avazbek Mamatov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning qobiliyatlari hamda iqtidorlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ustuvor vazifalar haqida atroflicha to‘xtaldi. U maktab maslahatchilari bu jarayonda bog‘lovchi va yo‘naltiruvchi muhim bo‘g‘in ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda Prezident va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida “Kelajak” markazlari faoliyatini umumta’lim muassasalari bilan integratsiya qilish, o‘quvchilar qamrovini kengaytirish va ularni to‘garak hamda loyihalarga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Guliston shahridagi Prezident maktabi maslahatchisi Madina Saparova maktab maslahatchisi nafaqat tashkilotchi, balki har bir bolaning iqtidorini aniqlaydigan va rag‘batlantiruvchi murabbiy ekanini ta’kidlab, jumladan shunday dedi:
– Iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni to‘g‘ri yo‘naltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu jarayonda maktab maslahatchilari hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu bois, ular har bir o‘quvchi bilan individual ishlashga e’tibor qaratishi lozim.

Shuningdek, u hududiy imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish, ota-onalar bilan hamkorlik va o‘quvchilarni milliy hamda xalqaro tanlovlarga tayyorlash bo‘yicha amaliy tavsiyalarini ham berdi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri