“O‘zbek geologiya qidiruv” AJ 2025-yilni qanday natijalar bilan yakunladi?
Bugun Milliy matbuot markazida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ faoliyatiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda mazkur tashkilot faoliyatining 2025-yil yakunlari va 2026-yil rejalariga alohida urg‘u berildi. Qayd etilishicha, geologiya-qidiruv ishlari mamlakatimizning barqaror iqtisodiy rivoji, milliy sanoat salohiyatini oshirish va strategik resurslar bazasini kengaytirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Raqamlar tahliliga ko‘ra, 2025-yilda aksiyadorlik jamiyati geologiya qidiruv ishlarini olib borish, foydali qazilma konlarini izlash, baholash va topografik, geologik tasvirlash, burg‘ilash, hamda laboratoriya tahlil jarayonlarini amalga oshirdi. Natijada davlat byudjeti, NKMK (shartnoma asosida) va OKMK mablag‘lari hisobidan 141 ta loyiha asosida oltin, kumush, mis, qo‘rg‘oshin va rux, volfram, noyob metallar va kamyob yer elementlar, ko‘mir va boshka noruda foydali qazilmalar bo‘yicha geologik qidiruv ishlari olib borildi. Yil yakunida 20 ta loyiha yuzasidan geologik qidiruv ishlari tugatilib, yakuniy hisobot tuzildi. Bunda aniqlangan zaxira va bashorat resurslari Davlat balansiga qabul qilindi.

“O‘zbek geologiya qidiruv” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Elmurod Ergashev ta’kidlaganidek, 2025-yil davomida geologiya sohasini raqamlashtirish, ma’lumotlar bazalarini takomillashtirish va ish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgan.
–Xususan, geologik ma’lumotlarni boshqarish va nazorat qilishni raqamli shaklga o‘tkazish maqsadida “Namunalarni nazorat qilish” axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Bundan tashqari geofizika ishlarini samarali olib borish maqsadida 3 dona uchuvchisiz uchish apparati, 2 dona geofizik kompleksi, 9 dona raqamli va ko‘p funksiyali stansiyalar sotib olindi. Aytish kerakki, bugungi kunda tashkilotimiz tarkibida 5 ta laboratoriya faoliyat yuritmoqda. Ushbu laboratoriyalar davlat dasturida ko‘zda tutilgan loyihalar doirasidagi barcha tahlillarni to‘liq bajarib kelmoqda. Xususan, 2025-yilda laboratoriyalar tomonidan 750 mingdan ortiq tahlillar amalga oshirildi.

Markaziy laboratoriya “O‘z MSt ISO 17043:2025” xalqaro standarti bo‘yicha malaka tekshiruvi dasturlarini tashkil etish uchun “O‘ZAK.ML.0003” akkreditatsiyasi to‘g‘risida guvohnomaga ega bo‘ldi. Bunda tahlillarning ishonchliligi va to‘g‘riligini nazorat qilish uchun sertifikatlangan standart namunalardan keng foydalanilmoqda, – dedi E.Ergashev.
Tadbir yakunida joriy yilgi rejalar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, Markaziy Qizilqumda aerogeofizik tadqiqotlarning yangi bosqichi boshlanadi. Loyihalashtirilayotgan tadqiqotlarning umumiy maydoni 60 ming km2 ni tashkil etadi. Birinchi bosqichda qariyb 12 ming km2-maydonda o‘rganishlar amalga oshiriladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA