“WikiAntiKorrupsiya” tanlovi yakunlari yoshlar uchun samarali bo‘ldi
Ma’lumki, shu kunga qadar Yoshlar ishlari agentligi va qator hamkor tashkilotlar tomonidan yoshlar uchun ko‘plab loyihalar taqdim etib kelinmoqda. Ularning barchasi yoshlar salohiyatini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda. Ana shunday loyihalardan biri – “WikiMarafon” loyihasi.
Mamlakatimizda “WikiMarafon”, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida “WikiAntiKorrupsiya” tanlovi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekcha vikipediyani boyitish, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid bilimlarni oshirish, ingliz tiliga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur tanlov orqali 30 ta g‘olib tanlab olinib, mutlaqo bepul xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy hamda umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy sertifikat imtihonida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ushbu loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilib, UNDP va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida amalga oshirildi.

“WikiMarafon” loyihasi rahbari Shohjahon Sobirov tanlov imkoniyatlari xususida quyidagilarni ma’lum qildi:
– Davlatimiz rahbarining 2020-yil 20-oktabrdagi tegishli farmoni bilan tasdiqlangan 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasiga muvofiq “WikiMarafon” (“WikiStipendiya”) loyihasi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur loyiha davlat tilining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, o‘zbek tilidagi sifatli kontentni ko‘paytirish hamda iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Loyiha Yoshlar ishlari agentligi hamda Yosh ijodkorlar kengashi NNT hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi o‘zbekcha Vikipediyada maqolalar sonini ko‘paytirish va ularning sifatini oshirishdan iborat. "WikiStipendiya” nomi ostida 2022-yil 20-may kuni boshlangan loyiha shu paytga qadar 3 mavsumni o‘z ichiga oldi.
"WikiStipendiya”loyihasi natijasida o‘zbekcha Vikipediyaning jahon reytingidagi o‘rni sezilarli darajada yaxshilanib, 62-o‘rindan 40-pog‘onaga ko‘tarildi. Natijada o‘zbekcha Vikipediya turkiy tillar orasida 3-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi pozitsiyani qo‘lga kiritdi. Loyiha doirasida 70 nafardan ortiq yoshlar maxsus stipendiyalar bilan taqdirlandi.
Avgust oyidan buyon qisqa vaqt ichida o‘zbekcha Vikipediyada 42 mingdan ortiq yangi maqola yaratildi. Bu orqali o‘zbekcha Vikipediya jahon reytingida 40 o‘rindan 38 o‘ringa ko‘tarildi. Loyiha doirasida “WikiIELTS”, “WikiKITOB” va “WikiAntiKorrupsiya” kabi qator ostloyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilib, 100 nafardan ortiq ishtirokchilar taqdirlandi.
Xususan, Yevropa Ittifoqi, Korrupsiyaga qarshi kurashish hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan “WikiAntiKorrupsiya” tanlovi 2 mingga yaqin ishtirokchini qamrab oldi. Tanlov yakunida 30 nafar ishtirokchi Milliy sertifikat yoki CEFR imtihonlarida qatnashish uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi.
Biz bu loyihalar orqali o‘zbek tilining internet maydonidagi nufuzini oshirishga katta hissa qo‘shayotgan barcha bilimli yoshlarimiz bilan faxrlanamiz.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA