Yoshlar jadid bobolarimiz merosiga oid bilimini sinovdan o‘tkazdi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida “Jadidlar izidan” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Umumta’lim maktablarining 6-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan mazkur tanlov kitobxon yoshlar safini kengaytirish, buyuk jadid bobolarimiz, adib va mutafakkirlarimiz boy ma’naviy merosini o‘rganishni targ‘ib qilish maqsadiga qaratilgan.
Milliy davlatchilik va ma’rifiy taraqqiyot g‘oyalarini ilgari surgan jadid bobolarimiz haqida gap ketganida 8 ta tilni mukammal bilgan, ilk bosmaxona tashkil etib, ma’rifat ulashgan, maktablar ochib aholi savodxonligini oshirgan Ishoqxon to‘ra Ibrat siymosi ham ko‘z oldimizda gavdalanadi. Tanlovning viloyat bosqichi aynan Ibrat nomi bilan ataluvchi ijod maktabida tashkil etilishida ham chuqur ma’no mujassam.
Tanlovda qatnashgan 28 nafar o‘quvchi dastlab Ibrat muzeyida bo‘ldi. So‘ng ishtirokchilarning bilimi jadidlar faoliyati va asarlariga oid 10 ta savoldan iborat boshqotirmani to‘ldirish, jadidlar hayoti va ijodi haqidagi savollarga javob berish hamda “Asar tahlili”, ya’ni ma’lum bir jadid bobomiz asarini tahlil qilish shartlari bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi.
[gallery-20379]
Ushbu tanlov yoshlarni XX asr boshlarida o‘z ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari surgan, milliy ta’lim-tarbiya tizimini yaratish hamda yurt istiqloli, xalq ozodligi va erkinligi, kelajak avlodning obod va farovon hayoti uchun kurashgan bobolarimiz merosiga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA