Yoshlar bilan muloqot – taraqqiyot garovi
Navoiy viloyatining Navbahor tumanida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va istiqbolli tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, 3-son texnikumda “Payshanba – yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ana shunday amaliy tadbirlardan biri bo‘ldi.
Mazkur uchrashuv yoshlar bilan ochiq muloqot o‘rnatish, ularni qiynayotgan masalalarni tinglash hamda taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva ishtirok etib, yoshlar bilan samimiy va ochiq suhbat olib bordi.

Muloqot davomida o‘quvchi-yoshlar o‘zlarini qiziqtirayotgan savollar, mavjud muammolar hamda kelgusida amalga oshirishni rejalashtirayotgan g‘oyalarini erkin bayon etdi.
Ayni paytda texnikumda 341 nafar o‘quvchi 9 ta yo‘nalish bo‘yicha kasb sirlarini o‘rganmoqda. Shuningdek, hududdagi mahallalar va qo‘shni viloyatlardan jalb etilgan 131 nafar o‘quvchi dual ta’lim tizimi asosida ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlikda tahsil olmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, texnikumda kasbga o‘qitish amaliyot bilan uzviy bog‘langan. Viloyatdagi yirik sanoat korxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, o‘quvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiyazot” hamda “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ kabi korxonalar bilan hamkorlikda yoshlar muayyan kasblarga maqsadli tayyorlanmoqda. Ushbu korxonalar texnikum hududida o‘z bo‘limlarini tashkil etgani esa ta’lim samaradorligini yanada oshirmoqda. Eng muhimi, o‘quvchilar o‘qish bilan birga ishlab, o‘z mehnati uchun haq olish imkoniyatiga ega.
Bundan tashqari, texnikumda duradgorlik ustaxonalari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun milliy hunarmandchilikka o‘rgatuvchi kurslar, shuningdek, veterinariya va chorvachilik sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish markazlari faoliyat yuritmoqda.

– Uchrashuvda texnikumimizda sport kunlarini tashkil etish yuzasidan taklif bildirdim, – deydi Afruza Ismatova. – Taklifim Federatsiyaning Navoiy viloyati Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, sport kunlari tashkil etiladigan musobaqalarda faol o‘quvchilarni rag‘batlantirishi, yurtimizning turli tarixiy shaharlariga o‘quvchilar uchun bepul sayohatlar uyushtirilishi ham aytib o‘tildi. Albatta, bugun yurtimizda yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Biz ulardan oqilona foydalangan holda bilim olishimiz, kasb-hunar sirlarini mukammal egallashimiz talab etiladi, xolos. Bugungi uchrashuv ham ana shunday imkoniyatlardan biridir, desam yanglishmayman.
Uchrashuv ochiqlik va o‘zaro ishonch ruhida o‘tdi. Unda yoshlarning g‘oya va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ularning muammolarini tizimli hal etishga alohida e’tibor qaratildi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri