Jasoratli Nodira
Shahrixon azal-azaldan hunarmandlar, tadbirkorlar yurti, deb e’tirof etiladi. Ayniqsa, tumanda hunarmandchilikning pichoqchilik, tikuvchilik, do‘ppido‘zlik, kashtachilik, milliy to‘n tikish singari qator yo‘nalishlarida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan.
Tumanning Andijonlik mahallasida yashovchi Nodiraxon Xudoyberdiyeva xonadonida bo‘lib, u tayyorlagan tikuvchilik mahsulotlari – elita pardalar, ayollar liboslarini ko‘rganlar shubhasiz, insonning qo‘li gul ekanligiga yana bir bor guvoh bo‘ladi. U 1-guruh nogironi bo‘lsa-da, rang-barang va bejirim mahsulotlar tikayotgan bu hunarmand qizning sabr-bardoshi, matonati, intilishi, izlanishi va mahoratiga tahsin aytasiz.
Nodira to‘rtinchi avlod sulolaning vakili. Onasi Lutfixon ayani mohir chevar, to‘nchi sifatida tumanda ko‘pchilik yaxshi taniydi. Mehnat faoliyati davomida juda ko‘p shogirdlar tayyorlagan. Ko‘p yillar davomida u tayyorlagan milliy to‘nlar sifati, bejirimligi bilan Shahrixon bozorining eng oldi, eng xaridorgir to‘nlaridan bo‘lgan.
Taqdirni qarangki, uning yolg‘iz qizi Nodira nogiron bo‘lib o‘sdi. Bolaligidan chevarlik, to‘n tayyorlash ishlarida onasiga qarashib o‘sgan qiz hunarni anchagina o‘rganib olgan bo‘lsa-da, lekin ish qilishga, biror narsani mustaqil tikishga biroz qiynalar edi. Yaratganning inoyatimi, u o‘rta maktabni tamomlagandan bir necha yil o‘tib, 2007-yilda tuman markazidagi “Hamshiralik” kursida o‘qidi. Keyinroq esa ana shu markazda elita pardalar tikish kursini ham tamomladi.
[gallery-28686]
– O‘sha paytlarda juda qiynalganman, – deydi Nodira Xudoyberdiyeva. – Qiynalgan kunlarimda kurs mashg‘ulotlariga onam olib borardi. Qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, ustozlardan elita parda tikishning sirlarini puxta o‘rganishga harakat qildim. Ayniqsa, ustozim Dilfuzaxon Muhiddinova erinmasdan, hech og‘ir olmasdan menga juda ko‘p narsalarni o‘rgatdi. O‘sha yillari dadam o‘zimga alohida zamonaviy tikuv mashinasi olib berdi. Kursdan qaytib, tun yarimigacha tikishni mashq qilardim. O‘z oldimga mohir tikuvchi bo‘lishim kerak, degan maqsadni qo‘yib, qiyinchiliklarga qaramay astoydil harakat qildim. Intilishim, izlanishim bekor ketmadi, bugun yaxshigina chevarga aylandim. Tikuvilik, jismoniy mehnat bilan doimiy shug‘ullanganim bois, salomatligim ham ancha yaxshilandi.
Shu tariqa Nodira onasining, ustozlarining duosi bilan mustaqil ish boshladi. Dastlab buyurtmalar u qadar ko‘p bo‘lmadi. Lekin ishini puxta bajaradigan, tayyorlayotgan pardalarining sifatiga, bejirimligiga, o‘ziga xos ko‘rinishiga alohida e’tibor qaratgan tikuvchi qizning xaridorlari, doimiy mijozlari tobora ko‘payib bordi. Ko‘p o‘tmay yaxshigina daromad topib, oilasiga, ota-onasiga ko‘mak beradigan bo‘ldi.
Nodiraxon bir necha yildirki, mahallasi va qo‘shni mahallalardagi chevarlikka qiziqadigan qizlarini shogirdlikka olib, ularga o‘z hunarini o‘rgatib kelmoqda. Hozirga qadar 50 nafardan ortiq qiz uning sabog‘ini olib, tikuvchilikni o‘rgangan. Bugungi kunda shogirdlarining ko‘pchiligi o‘z xonadonida tikuvchilik bilan mustaqil shug‘ullanmoqda.
– Mahallamizda 85 nafar nogiron istiqomat qiladi. Ularning barchasiga zarur yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, Nodiraxon Xudoyberdiyevaga ham subsidiya asosida ikkita tikuv mashinasi berilgan, – deydi “Andijonlik” mahalla fuqarolar yig‘ini ijtimoiy xodimi Sarvinoz Davronova.
Bugun o‘z xonadonida 4 ta tikuv mashinasi, o‘nlab shogirdlari bilan ish olib borayotgan hunarmandning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Buyurtmalarni o‘z vaqtida, sifatli bajarish uchun astoydil mehnat qilmoqda.
Xalqimizda intilganga tole yor degan hikmatli gap bejiz aytilmagan. Oddiy bir oilada o‘sgan, jismoniy imkoniyati cheklangan qiz intilishi, sabr-matonati bilan juda ko‘p narsalarga erishdi, nafaqat o‘ziga, oilasiga, balki odamlarga foydasi tegmoqda.
Tikuvchilik hunarini ulug‘lab, samarali ish olib borayotgan, ko‘plab shogirdlar tayyorlayotgan Nodira Xudoyberdiyevaning hayot yo‘li ko‘plar uchun ibrat maktabidir. Qolaversa, uning mehnatlari, intilishlari e’tirof etilib, o‘tgan yili u Mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz farmoni bilan “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.