Hokim yordamchilari faoliyati yanada samarali bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Andijon viloyati hokimligi hamkorligida Andijonda mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish olib borayotgan hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda mutasaddilar, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat boshqarmasi, tijorat banklari, “O‘zagrostar xolding” kompaniyasi vakillari, Shahrixon, Bo‘ston va Ulug‘nor tumanlari mahallalarida faoliyat olib borayotgan 119 nafar hokim yordamchisi ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar joylarda ish olib borayotgan hokim yordamchilari yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida muhim bo‘g‘inga aylanganligini, ularning ko‘magida aholini qiynayotgan ko‘plab muammolar bartaraf etilayotganligini ta’kidladi.

O‘quv seminar davomida mutasaddi va mutaxassislarning hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, ishtirokchilarga aholi daromadini oshirish, bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, kredit ajratish va muammoli qarzlarni bartaraf etish, subsidiyalar, grantlar va ssudalar ajratish tartiblari, bo‘sh turgan bino-inshootlarni tadbirkorlik uchun auksionga chiqarish hamda dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish bilan birga, belgilangan yo‘nalishlardagi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha bilim va malakalarini oshirdi.

F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.