Yoshlar bilan ishlash aniq natijaga qaratilgan
Yoshlar – kelajak bunyodkorlari. Shu bois, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ular bilan ishlashning mutlaqo yangi va samarali tizimi shakllantirildi.
Joriy yil 24-fevral kuni davlatimiz rahbari yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, mazkur yo‘nalishdagi ishlarga yangi bosqichni boshlab berdi. Unda yoshlar uchun qator imkoniyat va imtiyozlar e’lon qilindi. Bu esa ertangi kun egalarining kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ularni yanada faol va tashabbuskor bo‘lishga undayotgani bilan ahamiyatlidir.
Uchquduq tumani hokimi Uchqun Yelmuratov hamda mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarda bo‘lib, yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Ularda yoshlarning taklif va muammolari tinglanib, ularni hal etish, zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Aytim mahallasida yashovchi Go‘zal Nurillayeva o‘z ishini boshlash istagini bildirib, imtiyozli kredit olish yuzasidan murojaat qildi. Yo‘lchilar ovulidan Dinara Aliyevaga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘i hisobidan tikuv mashinasi olib berilgan. Tuman rahbari bilan uchrashuvda faoliyatini kengaytirish, ovul aholisiga sifatli xizmat ko‘rsatish va shogird qizlarni tikuvchilikka o‘rgatish rejasi borligini bildirdi.
Har ikkala murojaat ham ijobiy hal etilib, ularga imtiyozli kredit beriladigan bo‘ldi.
Shuningdek, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan uchquduqlik yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 14 nafar yosh ishtirok etdi. Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbirda yoshlarning muammo va takliflari tinglandi. Ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda tadbirkorlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida 3 nafar yosh tuman qo‘riqlash bo‘limiga ishga joylashtiriladigan bo‘ldi.
Sport yoshlarning sevimli mashg‘ulotlaridan biri. Uchquduq tumanida yoshlarning o‘zlari yoqtirgan sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bugungi kunda “Lochin” sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, tuman sport maktabi, o‘quv muassasalarida jami 23 ta sport zali yoshlar ixtiyoriga berilgan. 206 ta seksiya va to‘garak faoliyat yuritib, ularda 5883 nafar o‘g‘il-qiz sport bilan shug‘ullanadi.
18-maktab yerto‘lasida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan kurash zali uchquduqlik yoshlar uchun tuhfa bo‘ldi. Zaruriy jihozlar bilan jihozlangan kurash zalida bir vaqtning o‘zida 30 nafar yoshning sport bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratilgan.
Bundan tashqari yoshlar o‘rtasida “Zakovat”, “Bir haftada – bir kitob” intellektual o‘yinlari, “Uch avlod” uchrashuvi, turli sport musobaqalari tashkil etilmoqda.
Uchquduq tumanida joylashgan harbiy qismda bo‘lib o‘tgan ʻʻRahbar va yoshlar” uchrashuvi va qurol-aslahalardan iborat ko‘rgazma esa yoshlarning harbiy bo‘lish istagini yana bir bora oshirdi.
Albatta, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi bejiz emas. Ularni qo‘llab-quvvatlash, hayotda o‘z o‘rnini topishida, to‘g‘ri yo‘lni tanlashida yordam berish esa barchaning asosiy vazifalaridan biridir.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri