Tadbirkorlar himoyasi yo‘lidagi hamkorlik
Bugun iqtisodiyotimizning muhim sektori bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu borada Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi ham o‘z dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, tadbirkorlik sub’ektlariga madad bo‘lishga intilib keladi. Shuningdek, tadbirkorlar himoyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman institutining o‘rni va ishtiroki ham alohida ahamiyatga ega.
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida O‘zLiDeP hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman devoni o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi. Partiyaning “Xalq bilan birga” loyihasi doirasidagi mazkur hamkorlik mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Memorandum doirasida tadbirkorlar murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, “tezkor huquqiy himoya” tizimini joriy etish, ishbilarmonlar manfaatlarini himoya qilishda parlament va mahalliy Kengash deputatlari imkoniyatlarini safarbar qilish kabi aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikni tahlil qilish, tadbirkorlikka to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish hamda qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, yoshlar va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, IT, fintex, “yashil iqtisodiyot” va startaplar sohasida innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi. Shu bilan birga, joylarda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish, xalqaro tajribani o‘rganish, seminar va anjumanlar tashkil etish orqali tadbirkorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur Hamkorlik memorandumi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoyalash, sohadagi muammolarni tizimli hal etish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA