Tergov sudyalari uchun xalqaro seminar
Xiva shahrida Oliy sud hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti(YeXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyat sudlarining tergov sudyalari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tergov sudyalarining fuqaro huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasidagi kasbiy malakasi hamda amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirish bo‘ldi.
Seminarda ishtirokchilar inson huquqlarini himoya qilish borasidagi O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan standartlar bilan yaqindan tanishtirildi. Xususan, malakali xorijiy trenerlar K.Fens va R.Vinter tomonidan Avstriya hamda Fransiya davlatlarining jinoyat-protsessual huquqi sohasidagi ilg‘or tajribasi, shuningdek, tegishli sud pretsedentlari haqida ma’lumot berildi.
– Ikki kunlik trening juda mazmunli va foydali bo‘ldi, – deydi tergov sudyasi Dildora Po‘latova. – Unda asosiy e’tibor fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ayniqsa, sud jarayonida qonuniylikni saqlash masalalariga qaratildi. Mashg‘ulotlar davomida biz nafaqat nazariy bilimlar oldik, balki turli testlar orqali amaliy kunikmalarimiz ham mustahkamlandi. Xalqaro ekspertlar tomonidan taqdim etilgan tajriba, ayniqsa, yevropa davlatlari amaliyoti biz uchun juda qiziq va foydali bo‘ldi.
[gallery-29105]
Tadbir davomida dalillar bilan ishlash, ularni baholashda qonuniylik va xolislikka rioya etish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Shuningdek, tergov sudyasi qarorining qonuniyligi va asosliligiga qo‘yiladigan talablar, ularni amalda ta’minlash mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Seminar amaliy mashg‘ulot tarzida guruhlarda davom etib, sudyalar berilgan masalalarni aniq keyslar asosida tahlil qildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari