Yosh taekvondochilarimiz Belarusda jahon chempionatiga tayyorlanmoqda
Shu kunlarda taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Belarusning Minsk shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etmoqda.
-Yoshlar jahon miqyosida o‘tkaziladigan nufuzli turnirlarda vatanimiz sharafini himoya qilib kelayotgan professional taekvondochilarning izdoshlari hisoblanadi.
“Tokio-2020”, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishgan Ulug‘bek Rashitov, Svetlana Osipova kabi sportchilarimizning ko‘rsatkichlarini aynan shu yoshlarimiz kelgusida o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari va jahon birinchiliklarida takrorlashini asosiy maqsad qilib qo‘yganmiz. Belarus mashg‘ulotlari orqali yosh taekvondochilarimizning xalqaro tajribasini oshirishga e’tibor qaratmoqdamiz. Qolaversa, ushbu yig‘in yoshlarimiz uchun poytaxtimizda o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik vazifasini o‘tashi bilan ahamiyatli, - deydi O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi bosh kotibi Murod Mamadaliyev.
Minskda o‘tayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida Rossiya, Belarus, Tojikiston, Armaniston va O‘zbekiston terma jamoalarining 220 nafardan ziyod a’zolari ishtirok etmoqda.
Mashg‘ulotlarga terma jamoamizning 20 nafar mahoratli va iste’dodli yosh sportchilari jalb etilgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA