Sevil Yo‘ldosheva Hindistonda bosh sovrin uchun o‘ynaydi
Hindistonda xotin-qizlar o‘rtasida o‘tayotgan nufuzli tennis turnirida hamyurtimiz Sevil Yo‘ldosheva juftlik bahslarida finalga yo‘l oldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Sevil Yo‘ldosheva Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan W15 tasnifidagi mazkur musobaqaning juftliklar o‘rtasida germaniyalik tennischi Anastasiya Kuparev bilan tandem hosil qildi.
Sevil va Anastasiya turnirning chorak finalida mezbon tennischilar Aishvariya Jadhav va Akruti Sonkusar juftligini 1:6, 6:3, 10:5 hisobida taslim etdi. Yarim finalda esa boshqa bir hindistonlik tennischilar Soha Sodiq va Madhurima Savantni 6:4, 1:6, 10:3 hisobida yengdi.
Shu tariqa, Sevil Yo‘ldosheva hamda Anastasiya Kuparev musobaqaning final bosqichiga yo‘l oldi. Endi ular bosh sovrin uchun o‘tadigan so‘nggi bahsda qozog‘istonlik Jibek Kulambayeva hamda neytral tennischi Yekaterina Yashina duetiga qarshi kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA