AQSH vakilini yenggan Javohir bugun xitoylik shaxmatchi bilan kuch sinashadi
Bugun, 4-aprel kuni Nomzodlar turnirining 5-turida hamyurtimiz Javohir Sindorov qora donalarda xitoylik Vey Iga qarshi dona suradi.
Kecha o‘tkazilgan 4-tur bahsida Sindorov oq donalarda o‘ynagan AQSH vakili Hikaru Nakamurani taslim etganidan keyin xalqaro shaxmat olamida o‘ziga xos e’tirofli chiqishlar amalga oshirildi.

Xususan, sobiq jahon chempioni, FIDE reytingi yetakchisi Magnus Karlsen Sindorovning o‘yin uslubiga yuqori baho berib, “U turnirning yashirin favoritlaridan biri ekanligini oldindan taxmin qilish mumkin edi. Lekin bunchalik kuchli start olishi katta qadam. 5 ta partiyadan 4,5 ochko jamg‘arish, rostini aytsam, shov-shuvli natija. Hozir Germaniyada turnirda qatnashyapman. Musobaqadan keyin uyga borib uning partiyalarini ko‘rib chiqishga qiziqyapman”, deya ta’kidladi.
5-tur yakunlaridan keyin jurnalistlarga intervyu bergan Hikaru Nakamura Sindorovga qarshi partiyadagi mag‘lubiyat sabablarini tushuntirib berdi:

“Nomzodlar turniriga tayyorgarlik jarayonida Sindorovga qarshi o‘yin uslublarini oldindan tahlil qilib chiqqandim. Lekin afsus, mag‘lub bo‘ldim. Bunday vaziyatda Javohirga qarshi kurashishda Magnus Karlsen ham qiynalgan bo‘lardi”.
Bugun o‘tkaziladigan 5-tur musobaqalari oldidan J.Sindorov 4,5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Uni ta’qib etayotgan Fabiano Karuana hisobida 3,5 ochko mavjud.
Aytish lozim, 4-turda amerikalik Karuana oq donalarda germaniyalik Matias Blyubaumni mag‘lub etdi. Praggnanandxa- Andrey Yesipenko va Anish Giri - Vey I o‘rtasidagi uchrashuvlarda murosa yo‘li tanlandi.
Bugun o‘tadigan 5-tur bahslarida Fabiano Karuana – Andrey Yesipenko, Hikaru Nakamura – Praggnanandxa, Anish Giri – Matias Blyubaum to‘qnash keladi.

Nomzodlar turnirining ayollar musobaqasida FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan rossiyalik Katerina Lagno, ukrainalik Anna Muzichuk va xitoylik Chju Sziner 3 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.
5-turda Chju Sziner – Anna Muzichuk, Tan Chjuni – Aleksandra Goryachkina, Katerina Lagno – Vayshali Rameshbabu, Bibisara Asaubayeva – Divya Deshmux kurash olib boradi.

14 ta turdan iborat Nomzodlar turniri bahslari 16-aprelga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA