Yosh siyosatshunoslar bilan ochiq muloqot
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va Nukus shahar kengashi tomonidan “Partiya eshigi - barcha uchun ochiq” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Unda partiya mas’ul xodimlari, Qoraqalpoq davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, siyosatshunoslik yo‘nalishining talaba yoshlar, partiya faollari va “Yoshlar qanoti” a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirda dastlab, O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari X.Yeshimbetov yoshlar bilan suhbatlashib, ularning fikr-mulohazalari bilan qiziqdi. Muloqot davomida yoshlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirish hamda partiya faoliyatida yoshlarning ishtirokini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shundan so‘ng, partiyaning 35 yillik tarixi, bosib o‘tgan yo‘li va bugungi kundagi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashidagi “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi muzeyi”da bo‘lib, partiyaning tashkil etilishi va rivojlanish bosqichlari, saylovlarda ishtiroki, deputatlik faoliyati, arxiv hujjatlari, targ‘ibot vositalari, fotosuratlar va boshqa tarixiy materiallar bilan tanishdi.

Ayniqsa, muzeydagi tarixiy hujjatlar va eksponatlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otib, ularning partiya tarixi va siyosiy jarayonlar haqidagi tasavvurini boyitdi. Talaba yoshlar bunday uchrashuvlar siyosiy-huquqiy bilimlarni oshirish va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, fikr va taassurotlarini bildirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri