O‘zbekistonning AQSH, Finlyandiya bilan hamkorligi yanada rivojlantiriladi
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev AQSHning Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor Bobbi Jinn bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik, shuningdek, Missisipi shtati bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
2012-yildan buyon O‘zbekiston va Missisipi Milliy gvardiyasi o‘rtasida amalga oshirilayotgan hamkorlik dasturiga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar almashinuvi, qo‘shma mashg‘ulotlar va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik bo‘yicha tadbirlar o‘tkazib kelinayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda bunday hamkorlikni favqulodda vaziyatlarga javob qaytarish, qidiruv-qutqaruv ishlari, muhim infratuzilmani himoya qilish va mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishlarida kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
***

Finlyandiya parlamentining O‘zbekiston bilan hamkorlik guruhi raisi Ville Skinnari bilan onlayn shaklda muloqotda munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, xususan, parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosiga parlamentlar ko‘maklashishi masalalari ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo aloqalarga tizimli tus berish maqsadida 2026 - 2027-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma hamkorlik rejasini ishlab chiqish, parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, qo‘mitalar va hamkorlik guruhlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish, shuningdek, parlament nazorati sohasida tajriba almashish taklif etildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Xususan, mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash, energiya samaradorligini oshirish, sanoatni raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy ahamiyatga ega qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va ilg‘or tajriba almashish sohalarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
N.Abduraimova,
O‘zA