Taxiatosh: islohotlar aholi manfaatiga xizmat qiladi
So‘nggi yillarda Orolbo‘yining barcha hududlari singari Taxiatosh tumanida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 3-sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilish topshiriqlariga muvofiq, tumanda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilib, har bir fuqaro kesimida manzilli o‘rganishlar yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar, avvalo, har bir fuqaroning ahvolini yakka tartibda o‘rganishdan boshlandi.

Dastlab, “Ijtimoiy reyestr”dan joy olgan 1 ming 749 ta ehtiyojmand oilaga mansub 6 ming 958 nafar fuqaroning tarkibi atroflicha tahlil qilindi. Shunda asosiy e’tibor mehnat qilish va mustaqil daromad topish imkoniyatiga ega bo‘lgan aholiga qaratildi.
Shu bois reyestrda qayd etilgan 726 nafar mehnatga layoqatli fuqaro hamda bandlik organlari va Mahallalar uyushmasi tizimida ro‘yxatga olingan 1 ming 746 nafar ishsiz — jami 2 ming 472 nafar fuqarodan iborat yagona ro‘yxat shakllantirildi. Har bir fuqaroning ehtiyoj va istagini aniqlash maqsadida ular “Dashbord” raqamli boshqaruv tizimi yordamida onlayn xatlovdan o‘tkazildi.

Mahalla “yettiligi” a’zolari bilan hamkorlikda har bir fuqaro bilan alohida suhbat o‘tkazilib, ularning ishga joylashish, kasb-hunar egallash, kredit, subsidiya va ssuda olish, shuningdek, ijaraga yer maydoni olishga bo‘lgan ehtiyoj va imkoniyatlari birma-bir aniqlandi hamda har bir fuqaro bo‘yicha manzilli yechimlar belgilandi.
Jumladan 1 ming 41 nafar fuqaroni legal bandlikka jalb qilish va o‘zini o‘zi band qilish orqali barqaror daromad manbaiga olib chiqish, 618 nafar fuqaroni doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish, 594 nafar fuqaroning tadbirkorlik tashabbuslari uchun 12,5 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratish, 112 nafar fuqaroni kasb-hunarga o‘qitish orqali yuqori daromadli mehnatga jalb qilish yoki tartibli mehnat migratsiyasiga yo‘naltirish, 102 nafar fuqaroga foizsiz ssuda, subsidiya va boshqa moliyaviy ko‘maklar berish, shuningdek, ularni yer maydonlari bilan ta’minlash choralari belgilab olindi.

Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra 2026-yilda 10 ming 77 nafar fuqaro bandligini ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yil 8 oy ijro holatiga 1 ming 373 nafari doimiy ish bilan, 5 ming 590 nafari daromadli xizmatlar bilan, norasmiy bandlikni legallashtirish yuzasidan 1 ming 776 nafar, o‘zini-o‘zi band qilish yuzasidan 2 ming 814 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Shu davr mobaynida 172 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilarga 11,1 milliard so‘m kredit ajratildi. 203 ta mikroloyiha doirasida 538 ta ish o‘rni yaratilib, 213 nafar kishi kasbga qayta tayyorlandi.

Joriy yilda tuman iqtisodiyotiga 220,4 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etish belgilangan. Yil boshidan iyun oyiga qadar 124,5 million dollarlik reja belgilangan bo‘lib, amalda 121,2 million dollar o‘zlashtirildi.
Mazkur investitsiyalar doirasida qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Linkwise” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan modulli intellektual hisoblash ma’lumotlar markazini tashkil etish, “Jinshixiang Ali Jewelry” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi tomonidan oltin va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, “Imronbek Avtotex Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi hamda “Gold-Sandwich” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan maxsus texnika xizmatlarini tashkil etish loyihalari shular jumlasidandir.
Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq 2026-yilda jami 154,8 milliard so‘m miqdorida 16 ta loyihani amalga oshirish orqali 571 ta yangi ish o‘rnini yaratish rejalashtirilgan. 2026-yilgi eksport rejasi 13,6 million AQSH dollarini tashkil etib, yanvar-avgust oylaridagi 7 million AQSH dollarlik reja amalda 9,7 million AQSH dollariga bajarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “2026-2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tumanda 4 ta ob’ektda qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 25-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari asosida 7 ta ob’ektda qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 24-fevraldagi “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida 85 xonadonga mo‘ljallangan 2 ta ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Bundan tashqari, Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 17 ta ko‘p qavatli uy atrofini obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi “Suv ta’minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish hamda institutsional salohiyatni oshirish” dasturi doirasida 58 kilometr oqova suv tarmog‘i tortilib, nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktabrdagi “Shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari hamda ichki xo‘jalik yo‘llari infratuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida 23,7 kilometr yo‘lga shag‘al-polimer-smola (PS) hamda 0,87 kilometr yo‘lga asfalt yotqizish ishlari bajarilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Naymanko‘l ovuli va “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini infratuzilmasini yaxshilash ishlari olib borilmoqda.
Tumanda elektr ta’minotini yaxshilash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan 8 oyida 95 ta transformator ta’mirlanib, 153 ta eski elektr ustuni temir-beton ustunlarga almashtirildi.
Qushchilik va Yangi makon mahallalarida 333 ta ustun, 15,5 kilometr SIP kabel hamda 2 ta yangi transformator o‘rnatildi.
Do‘stlik, Taxiatosh va Markaziy mahallalarida 7 kilometr gaz quvurini mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida 2021-2025-yillarda 57 ta loyihaga 52,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Joriy yilning birinchi bosqichida esa 7 ta loyiha uchun 7,5 milliard so‘m ajratilib, ushbu mablag‘lar hisobidan yo‘llarni asfaltlash va ko‘chalarni yoritish ishlari amalga oshirilmoqda.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga navbatdagi tashrifi davomida bir qator yangi loyihalarga start berildi. Tumanimizga Sanoat-qurilish banki va Surxondaryo viloyati biriktirilgan. Ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadida Surxondaryo viloyatining har bir tumani mahallalarimizga biriktirilib, tegishli yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borilmoqda. Masalan, Keneges mahallasida anor yetishtirish, Jayxun mahallasida esa Denov tumani tajribasi asosida sanoat zonasini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu kabi loyihalar aholi turmush darajasini oshirish, bandligini ta’minlash hamda hududni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishga xizmat qiladi, – deydi Taxiatosh tumani hokimi Islambek Sdikov.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri