Yosh parlamentariylar – ertangi global qarorlar va yangi hamkorlik tashabbuslarining harakatlantiruvchi kuchi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning 4-6-sentabr kunlari Samarqand shahrida Oliy Majlis Senati hamda Parlamentlararo ittifoq (PI) hamkorligida Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Nufuzli anjumanda 183 mamlakat, 15 xalqaro tashkilot vakillari hamda 50 ga yaqin doimiy kuzatuvchi – jami 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Konferensiya dasturidan oltita sessiya hamda «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning ishtiroki» mavzusida maxsus ochiq sessiya o‘rin olgan. Ularda nizolar va raqamli transformatsiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularning siyosiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiy huquqlarini ta’minlash va bandligini oshirish, shuningdek, xotin-qizlar hamda yoshlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish kabi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Global konferensiyaning o‘ziga xos tarixi bor. Yoshlarning siyosiy hayotdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan PIning sa’y-harakatlari 2010-yilda Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan 122-Assambleyada Yoshlarning demokratik jarayondagi ishtiroki to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilinishi bilan yangi bosqichga ko‘tarildi.
2013-yilda esa PI doirasida parlamentlarda va Ittifoq faoliyatida yoshlarning ishtirokini oshirishga qaratilgan Yosh parlament a’zolarining forumi tashkil etildi. Bir yil o‘tib, 2014-yildan boshlab yosh parlament a’zolarining global konferensiyasini muntazam o‘tkazish an’anaga aylandi.
Shu kunga qadar bunday konferensiyalar Jeneva, Tokio, Lusaka, Ottava, Boku, Asunson, Sharm-esh-Shayx, Xanoy, Yerevan va Lima shaharlarida o‘tkazilgan. 2021-yildagi konferensiya esa onlayn formatda tashkil etilgan.
Har bir konferensiyada zamonaviy dunyoning dolzarb masalalariga yosh parlament a’zolarining munosabati muhokama qilinadi. Yoshlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish, ularning salohiyatini oshirish va parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan takliflar ilgari suriladi.
Samarqanddagi XII global konferensiya O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi asosida o‘tkazilayotgani bilan alohida ahamiyatga ega. Mazkur tashabbus 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan PIning 150-yubiley Assambleyasida ilgari surilgan.
Samarqandning qadimiylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan betakror muhitida o‘tadigan ushbu xalqaro anjuman yosh parlament a’zolari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, yoshlarning global kun tartibidagi o‘rnini mustahkamlash, xalqaro parlamentlararo muloqotni kuchaytirish va parlament diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Zero, bugungi yosh parlamentariylar ertangi global qarorlar va yangi hamkorlik tashabbuslarining muhim harakatlantiruvchi kuchidir.

Samarqand esa ana shu ezgu muloqotlar, yangi g‘oyalar va do‘stlik rishtalari uchun yana bir bor o‘zining qadimiy va mehmondo‘st bag‘rini ochmoqda.
Konferensiya yakunida Parlamentlararo ittifoqning yakuniy hujjatini qabul qilish rejalashtirilgan.
Norgul Abduraimova, O‘zA