Prezidentimiz tashabbuslari SHHTning kelajagiga oid uzoqni ko‘zlagan strategik qarashni ifoda etdi
Qirg‘iz Respublikasida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishi nafaqat tashkilotning chorak asrlik taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish, balki uning kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash jihatidan ham muhim siyosiy voqea bo‘ldi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:
– Nufuzli sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar SHHTni zamonaviy tahdidlarga birgalikda javob beradigan, iqtisodiy va texnologik taraqqiyotni rag‘batlantiradigan hamda inson manfaatlariga xizmat qiladigan yanada samarali hamkorlik makoniga aylantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Aytib o‘tish kerakki, bugungi kunda dunyoda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, global ishonch taqchilligi, iqtisodiy beqarorlik, iqlim o‘zgarishi va texnologik raqobat xalqaro hamkorlikning mazmun-mohiyatini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Bunday sharoitda davlatlarning barqaror taraqqiyoti faqat milliy imkoniyatlar bilan emas, balki o‘zaro ishonch, manfaatli hamkorlik, texnologiya va bilimlar almashinuvi hamda umumiy muammolarga birgalikda yechim topish qobiliyati bilan ham belgilanadi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, SHHT o‘tgan 25 yil davomida “Shanxay ruhi” tamoyillariga amal qilgan holda teng huquqli muloqotni ta’minlash, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash va a’zo davlatlarning izchil rivojlanishiga ko‘maklashish borasida o‘ziga xos tajriba to‘pladi.
Ayniqsa, O‘zbekiston tashkilotning ochiq, bloklardan xoli va tinchliksevar hamkorlik platformasi sifatida mustahkamlanishini izchil qo‘llab-quvvatlab kelayotir. Bu mamlakatimiz tashqi siyosatining pragmatik va konstruktiv mohiyatini ifodalaydi.
Bugun esa SHHT oldida yangi tarixiy vazifa turibdi. Bu – to‘plangan ulkan insoniy, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual salohiyatni xalqlar farovonligi yo‘lida birlashtirishdir. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “SHHT - 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashining mohiyati ham aynan shunda. U investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashinadigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar kengayadigan o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishni nazarda tutadi.
Bu tashabbusga faqat iqtisodiy integratsiya nuqtai nazaridan qarash yetarli emas. Uning zamirida taraqqiyotning yangi modeli – bilim, texnologiya va inson kapitaliga tayangan hamkorlik modeli mujassam. Chunki bugun jahon iqtisodiyotida raqobat tobora ko‘proq tabiiy resurslar uchun emas, balki intellektual salohiyat, ilmiy kashfiyotlar, yuqori texnologiyalar va innovatsion yechimlar uchun kechmoqda. Demak, SHHTning kelajakdagi qudrati ham unga a’zo davlatlarning ana shu salohiyatni birlashtira olishiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining sun’iy intellekt sohasidagi tashabbuslari alohida e’tiborga molik. SHHTning ochiq ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini shakllantirish hamda Toshkent shahrida SHHTning sun’iy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazish takliflari tashkilot doirasida texnologik hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi mumkin.
Ayniqsa, ochiq ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini yaratish tashabbusi katta istiqbolga ega. Sun’iy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda til va ma’lumotlar raqamli taraqqiyotning strategik resursiga aylanmoqda. Bunday platforma a’zo davlatlar olimlari, tadqiqotchilari va IT mutaxassislari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, milliy tillarni zamonaviy raqamli texnologiyalarga kengroq integratsiya qilish va qo‘shma ilmiy-texnologik loyihalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.
SHHT doirasidagi hamkorlikning inson kapitaliga yo‘naltirilayotgani ham g‘oyat muhim. Prezidentimiz “SHHT plyus” formatini barqaror o‘sish, yuqori texnologiyalarni joriy etish va iqlimga moslashish bilan bir qatorda inson kapitalini rivojlantirish, hammabop ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha mintaqalararo muloqot maydoni sifatida rivojlantirishni taklif qildi.
Bu g‘oya bugungi global taraqqiyotning eng muhim qonuniyatiga mos keladi. Zero, har qanday iqtisodiy yoki texnologik rivojlanishning markazida inson turadi. Zamonaviy bilimga ega, mustaqil fikrlaydigan, yangi texnologiyalarni o‘zlashtira oladigan va innovatsiya yaratish qobiliyatiga ega avlodni tarbiyalamasdan turib, uzoq muddatli raqobatbardoshlikka erishib bo‘lmaydi. Shu bois ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning SHHT darajasidagi strategik kun tartibiga olib chiqilishi tashkilot taraqqiyotiga uzoq muddatli nuqtai nazardan yondashilayotganini ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sog‘liqni saqlash sohasida ham o‘zaro tajriba va texnologiyalar almashinuvini kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbus ilgari surildi. Xususan, tabiatdan foydalanish, “yashil” energetika, raqamli xizmatlar va sog‘liqni saqlash sohalarida mintaqalararo loyihalar hamda texnologiyalarning Ochiq bankini shakllantirish taklif etildi.
Mazkur mexanizm samarali yo‘lga qo‘yilsa, bir mamlakatda o‘zini oqlagan ilg‘or tajriba va texnologiyalarni boshqa davlatlarga tezroq tatbiq etish, ilmiy ishlanmalardan kengroq foydalanish va umumiy muammolarga hamkorlikda yechim topish imkoniyatlari kengayadi. Ayniqsa, aholi salomatligini muhofaza qilish, raqamli tibbiyot va profilaktika sohalarida bunday tajriba almashinuvi katta amaliy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Prezidentimizning “SHHT plyus” formatidagi nutqida ilgari surilgan yondashuvlar esa mazkur tashabbuslarni yanada keng global mazmun bilan boyitdi. O‘zbekiston BMTning markaziy va muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolgan holda, mintaqaviy tashkilotlarni uning sa’y-harakatlarini amaliy jihatdan to‘ldiruvchi kuch sifatida ko‘rmoqda. Shu asosda “SHHT plyus”ni mintaqalararo muloqot va hamkorlik tarmog‘iga aylantirish g‘oyasi ilgari surildi.
Bu yondashuvning tub mohiyati juda muhim: zamonaviy ko‘p qutbli dunyo yangi bo‘linish chiziqlarini emas, balki yangi hamkorlik nuqtalarini yaratishi kerak. O‘zbekistonning pozitsiyasi ham aynan shunga – raqobatdan ko‘ra o‘zaro manfaatdorlikka, qarama-qarshilikdan ko‘ra muloqotga, ajralishdan ko‘ra bog‘liqlikka asoslangan taraqqiyot makonini shakllantirishga qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, Bishkek sammitida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar SHHTning kelajagiga nisbatan keng qamrovli va uzoqni ko‘zlagan strategik qarashni ifoda etdi. “SHHT - 2040: umumiy taraqqiyot makoni” g‘oyasining eng muhim jihati shundaki, uning markaziga inson farovonligi, bilim, ilm-fan, texnologiya va o‘zaro manfaatli hamkorlik qo‘yilmoqda. Bunday yondashuv SHHTni nafaqat barqarorlikni ta’minlovchi, balki xalqlarni umumiy taraqqiyot maqsadlari atrofida birlashtiruvchi ta’sirchan xalqaro tuzilma sifatida yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
N.Abduraimova, O‘zA