O‘zbekiston delegatsiyasi Belgraddagi xotira tadbirida ishtirok etdi
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Belgrad shahrida bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakati tashkil etilganining 65 yilligiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xotira uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda 30 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan nufuzli mehmonlar, davlat va hukumat rahbarlari, parlamentlar raislari, bosh vazirlar o‘rinbosarlari, vazirlar boshchiligidagi delegatsiyalar qatnashdi.
Tadbirning ochilishi marosimida Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich nutq so‘zlab, 1961-yilda Qo‘shilmaslik harakatining birinchi konferensiyasi o‘tkazilgan joy sifatida Belgradning tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidladi. Harakatning asosiy tamoyillari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolayotganini qayd etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari S.Safoyev Qo‘shilmaslik harakatining bugungi kundagi ahamiyati va O‘zbekistonning 2027-2030-yillardagi raisligiga tayyorgarlik haqida so‘z yuritdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro minbarlarda ilgari surilgan tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy hamkorlik, iqlim o‘zgarishi va yoshlar masalalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Tadbir doirasida Serbiya Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar ikki davlat Prezidentlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan faol muloqot asosida jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgani e’tirof etildi.

Parlamentlararo muloqot, iqtisodiyot, investitsiyalar, savdo va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Serbiya Respublikasi Xalq yig‘ilishi spikeri o‘rinbosari Marina Ragush va boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
N.Abduraimova, O‘zA