Yo‘rg‘a tuvaloq qushlar tabiatga joziba bag‘ishladi
Buxoro viloyati Peshku tumanida joylashgan “Mulloxol” cho‘l massividagi “Emirates Bird Breeding Center for Conservation” markazida sun’iy sharoitda parvarish qilinib, ko‘paytirilgan yo‘rg‘a tuvaloq qushlari tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborildi.
Ushbu xayrli tashabbus Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Buxoro viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda “Falcon Hunting Solutions” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etildi. Tadbir davomida markazda yetishtirilgan jami 1210 bosh noyob yo‘rg‘a tuvaloq o‘zining tabiiy yashash muhitiga qaytarildi.


Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yo‘rg‘a tuvaloq qushlari ekologik tizim muvozanatini saqlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois mazkur turni muhofaza qilish, uning sonini ko‘paytirish va tabiiy muhitga moslashtirib borish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Tabiatga qo‘yib yuborilgan qushlar endilikda viloyatning Peshku, Shofirkon, Romitan, Jondor va Qorako‘l tumanlari hududlarida erkin holda yashaydi. Bu esa mazkur hududlarda noyob qushlar populyatsiyasini tiklash, cho‘l ekotizimini boyitish va tabiiy muhit barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bunday amaliy ishlar mamlakatimizda ekologik islohotlar izchil davom etayotgani, atrof-muhitni muhofaza qilishga davlat darajasida katta e’tibor qaratilayotganining yana bir yorqin ifodasidir. Ayniqsa, xalqaro hamkorlik asosida amalga oshirilayotgan loyihalar tabiatni asrash borasida yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.