“Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi yoshlarga nima beradi?
Kuni kecha mamlakatimiz yoshlar siyosatidagi mutlaqo yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim hujjat - “Yangi O‘zbekiston yoshlari - 2030” strategiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda maxsus strategiya maydonlari tashkil etilib, ishtirokchilar yirik loyihalar va imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi mamlakatimizda yoshlarga oid qabul qilinayotgan birinchi yaxlit strategiya bo‘lib, yangi O‘zbekistonni barpo etishda yoshlarning o‘rni va salohiyatini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.
Bugungi kunda yurtimiz aholisining qariyb 25 foizini 14–30 yoshdagi yigit-qizlar tashkil etadi. Ana shu demografik omil yoshlar siyosatiga uzoq muddatli va tizimli yondashuvni talab etmoqda.
Strategiyada yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, sifatli ta’lim hamda xorijiy tillarni ommalashtirish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, volontyorlikni keng yoyish, shuningdek, yigit-qizlarning salomatligini mustahkamlash kabi eng asosiy ustuvor yo‘nalishlar qamrab olingan.
Mazkur strategiya o‘zida 8 ta ustuvor yo‘nalish, 32 ta yangi tashabbus va 44 ta maqsadli ko‘rsatkichni jamlagan.
Xususan, yoshlar bandligini ta’minlashda “Kelajak kasblari” dasturi yo‘lga qo‘yilib, xususiy sektor bilan birgalikda har yili 20 ming nafar yosh zamonaviy kasblarga bepul o‘qitiladi.
Xo‘sh, bu jarayonda yoshlar tadbirkorligi va startaplar uchun qanday yangi imkoniyatlar yaratiladi?
–“Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasida yosh tadbirkorlar safini 30 foizga oshirish, ularning 70 foizini barqaror daromadga olib chiqish hamda bu orqali 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab qo‘yilgan, –dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev.– Bu maqsadlarga “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi orqali Garvard, Yel, MIT, Stenford va London biznes maktabi kabi nufuzli oliygohlar tajribasi asosida 20 ming yosh o‘qitiladi. Ulardan ming nafar tadbirkor saralanib, loyihalari uchun 206 million so‘m (500 BHM) gacha imtiyozli ssuda ajratiladi.
Yoshlarning mingta istiqbolli startap loyihalari qo‘llab-quvvatlanib, ularning kamida 400 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi. Oyiga 10 mingdan ortiq kitob sotadigan tadbirkorlarga 1 milliard so‘mgacha imtiyozli ssuda ajratiladi (3 yil muddatga 6 oy imtiyozli davr).
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan yosh tadbirkorlarga elektr, suv, kanalizatsiyaga ulanish xarajatining 4 million (10 BHMgacha) so‘mgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.
Ta’lim, volontyorlik va yoshlar infratuzilmalari ham e’tibordan chetda qolmaydi. Xususan, strategiyada 2030-yilga qadar o‘quv markazlari soni 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish va 900 ming yoshni volontyorlik harakatiga jalb etish maqsad qilingan.
Bunda olis va chekka hududlarda o‘quv markazlarini ochish uchun 300 million so‘mgacha ssuda, ijtimoiy faol yoshlarga esa volontyorlik jamg‘armasidan 100 million so‘mgacha grantlar ajratiladi.
B2 darajadagi sertifikatga ega yoshlar uchun xorijga chiqish pasporti boji, C1 darajasi va tadbirkorlik tashabbuslari uchun esa ayrim davlat xizmatlari to‘lovlari 50 foizgacha kamaytiriladi.
Hududlarda kitob do‘konlari va “Book-kafe”larni o‘zida jamlagan maxsus “Yoshlar ko‘chalari” barpo etiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA