YIL SARHISOBI: 30,3 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi
Bugun “Issiqlik elektr stansiyalari” AJda mazkur tashkilotning 2025-yil yakunlari sarhisob qilindi. Jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Jo‘rayev sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va bu jarayonda mazkur tashkilot faoliyatidagi o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, 2025-yil davomida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan jami 30,3 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu rejaga nisbatan 2,8 milliard kVt·soatga ko‘p bo‘lib, qo‘yilgan vazifa 110 foizga bajarilgan. Shuningdek, 9,5 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, reja 100 foizga uddalangan.

Jamiyat boshqaruvi raisining so‘zlariga ko‘ra, ushbu natijalar sohada amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari va yangi quvvatlarni ishga tushirish bilan bevosita bog‘liq.
– 2025-yilda asosiy e’tibor energiya samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va iste’molchilarni barqaror energiya bilan ta’minlashga qaratildi. Erishilgan ko‘rsatkichlar bu boradagi ishlarimiz to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilayotganini ko‘rsatadi.
2025-yilda investitsiya loyihalari doirasida 583,84 million AQSH dollari o‘zlashtirildi, bunda belgilangan reja ijrosi 110,1 foizni tashkil etdi. Investitsiya dasturi doirasida zamonaviy, energotejamkor qurilmalarni joriy etish maqsadida 2025-yildagi yirik loyihalardan biri- “Talimarjon IES” AJda 1065 MVt quvvatga ega yangi bug‘-gaz qurilmasi hamda Yunusobod tumanidagi 4-sonli issiqlik markazi hududida 100 MVt quvvatga ega zamonaviy gaz-porshen elektr stansiyasi ishga tushirildi. Yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshiryapmiz, balki yoqilg‘i sarfini kamaytirish va ekologik samaradorlikni ta’minlashga ham erishyapmiz, – dedi B.Jo‘rayev.

Shuningdek, tadbirda amalga oshirilayotgan loyihalarga urg‘u berildi. Unda qayd etilganidek, ayni paytda “Navoiy” IESda 650 MVt quvvatga ega 3-sonli bug‘-gaz qurilmasini qurish ishlari davom etmoqda. Poytaxt aholisini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Sergeli tumanida yangi kogeneratsiya qurilmasi barpo etildi. Natijada issiqlik tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 90 foizga kamaytirilishi, qo‘shimcha elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarilishi hamda tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Issiqlik elektr stansiyalari va markazlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari doirasida 35 ta energoqurilma ta’mirlandi. Bu ishlar mavjud qurilmalar quvvatini sezilarli darajada oshirdi. Korporativ boshqaruv, xalqaro standartlar va inson kapitaliga yo‘naltirilgan ishlar ham jamiyat faoliyatida muhim o‘rin tutadi. O‘tgan yil davomida bu borada hamamaliy natijalarga erishildi.

Tadbirda 2026-yilda barcha yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Unda ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, investitsiya dasturlariga doir qator rejalar belgilangani ta’kidlandi.
Mas’ullarning yakuniy xulosasiga ko‘ra, jamiyat oldida turgan ustuvor vazifalardan biri barqaror rivojlanish tamoyillarini yanada mustahkamlash va energiya ta’minoti sifatini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA