Yengil atletikachilarimizni qanday nufuzli musobaqalar kutmoqda?
Kirib kelgan 2026 yil xalqaro sport olamiga bir-biridan qiziqarli musobaqalar, uchrashuvlar, turnirlarni taqdim etish ostonasida turibdi.
Xususan, joriy yil davomida jahon sportida eng ko‘p medallar shodasi o‘ynaladigan yengil atletika sport turida ham o‘ziga xos musobaqalar tashkil etiladi.

Kuni kecha Butunjahon yengil atletika assotsiatsiyasi (World Athletics) yilning eng muhim yettita nufuzli musobaqalari to‘g‘risidagi axborotni taqdim etdi.
Unga ko‘ra, joriy yil 10 yanvardan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Tallaxassi shahrida boshlanadigan kross bo‘yicha 46-jahon chempionati bilan xalqaro yengil atletika musobaqalariga start beriladi.
Erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tadigan mazkur chempionat 5 ta yo‘nalishni qamrab olib, unda 9 ta medallar jamlanmasi uchun murosasiz bahslar kechishi kutilmoqda.
Shundan so‘ng, dunyo yengil atletikachilarining nigohi 20-22 mart kunlari Polshada o‘tadigan yopiq inshootlardagi jahon chempionatiga qaratiladi. 2-3 may kunlari Botsvan poytaxti Gaboroneda butunjahon yengil atletika estafetasi (World Athletics Relays) musobaqalari o‘tkaziladi.

Joriy yilning 12 aprelida Braziliyada bo‘ladigan sportcha yurish bo‘yicha jahon chempionati, 5-9 avgust kunlari AQSHning Oregon shahrida o‘tadigan 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi dunyo birinchiligi, 19-20 sentyabr kunlari Daniyaning Kopengagen shahrida o‘tkaziladigan shosseda yugurish musobaqalari muxlislar e’tiboridagi musobaqalar bo‘lishi tayin.
Shu o‘rinda aytish lozim, 20 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati kelajakdagi jahon yulduzlarini kashf etish maydonchasi hisoblanadi. Tarix shuni ko‘rsatadiki, aynan shu yoshlar o‘rtasidagi dunyo birinchiligi kelgusi Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida yengil atletikaning yangi yulduzlari bo‘lib bo‘y ko‘rsatishga intilayotganlarga katta imkoniyat eshiklarini ochadiki, ular safida o‘zbekistonlik sportchilar ham bo‘lishini istab qolamiz.

Yangicha formatda 11-13 sentyabr kunlari Vengriya poytaxti Budapeshtda tashkil etiladigan “Ultimate Championship”, ya’ni yengil atletika bo‘yicha mutlaq chempionlarni aniqlaydigan musobaqa mukofot jamg‘armasi 10 million AQSH dollari (8,7 million yevro)dan iboratligi, sportning eng yirik yulduzlarini birlashtirishi va mavsum davomidagi eng yaxshi natijalarni qayd etishi kutilayotgani bilan xalqaro yengil atletika harakatida yangi sahifa ochadi.

2026 yil 31 oktyabr -13 noyabr kunlari Senegalda o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi yozgi Olimpiya o‘yinlari nafaqat yengil atletikachilar, balki boshqa Olimpiya sport turlari vakillari uchun ham muhim sport bayrami bo‘lishi shubhasiz.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA